20.02.2024
Patlarini yoygan tovus barcha qushlar orasida eng taʼsirli manzara hosil qiladiganidir. Bu har doim odamlarni hayratda qoldirgan. Qadimgi davrlardayoq yunonlar va rimliklar tovusni muqaddas qush deb hisoblagan. Lekin bu rimliklarga tovusni isteʼmol qilishiga toʻsqinlik qilmagan. Tovusning vatani Hindiston va Janubi-sharqiy Osiyo. Qirgʻovullarning qarindoshi boʻlgan tovuslarning ikki turi bor. Tovus patlarini yoyib, viqor bilan yurgani tufayli “Tovus kabi oʻziga bino qoʻygan” degan ibora paydo boʻlgan. Aslida bu tovusga nisbatan aytilgan adolatli soʻz emas. Juftlashish mavsumida u oʻziga boshqa qushlardan ortiq bino qoʻymaydi. Erkak tovus oʻzining ajoyib patlarini faqat oʻz jufti uchun yoyadi.
Maʼlumki, odatda erkagi ancha yorqinroq rang va bashang koʻrinishga ega. Tovus boshqa qushlarga qaraganda ajoyib ranglarga boʻyalgan. Uning boshi, boʻyni va koʻkragi yashil hamda tillarang tuslar bilan tovlanadigan toʻq binafsharangga boʻyalgan. Boshida 24 ta patdan iborat biroz ochroq rangdagi kokilchasi bor. Orqasi yashil, qanotlari esa misrang tusga ega. Erkak tovus tashqi koʻrinishining eng diqqatga sazovor xususiyati, albatta, dumining davomi.
Tovusning uzunligi taxminan 2,25 m boʻlib, shundan taxminan 1,5 m dumidir. Dumning rangi koʻk, yashil va tillaranglarning aralashmasidan iborat. Dumning hamma joyida rangi oʻzgarib, tovlanib turadigan “koʻz” naqshi bor. Yelpigʻich kabi uzun dumi ancha kaltaroq boʻlgan haqiqiy dumning qattiq patlari yordamida koʻtarilib, tik holatda ushlab turiladi. Urgʻochi tovus kichikroq va vazmin ranglarga ega. Unda uzun dum oʻrniga xira rangdagi kokilcha bor. Urgʻochisi odatda xira jigarrangdagi oʻnta tuxum qoʻyadi. Tovuslar asosan goʻzalligi va patlari uchun yetishtiriladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.