Qarg‘a nega zararli qush hisoblanadi?
Qarg'a haqida ma'lumot, Qarg'a nega zararli qush hisoblanadi?
3 min
Hayvonot olami

Koʻpchilik qushlarga nisbatan iliq tuygʻularni his qilamiz va ularni insonning doʻsti deb bilamiz. Ammo gap qargʻa haqida ketganida, bizning kayfiyatimiz oʻzgaradi. Fermerlar bu qushlarni choʻchitish maqsadida, uzoq masofada ushlab turish umidida poliz qoʻriqchilarini qoʻyib chiqishini ham yaxshi bilamiz. Garchi qargʻalar sanitar sifatida biroz foyda keltirsa-da, baribir vayron qiluvchi kuchdir.

Birinchidan, qargʻalar “tajribali oʻgʻri”. Ular boshqa qushlarning uyalaridan nafaqat tuxumlarini, baʼzan joʻjalarini ham oʻgʻirlaydi. Ular hatto tuxum qidirib, tovuq kataklariga bostirib kiradi va ushlashga muvaffaq boʻlsa, yangi ochib chiqqan joʻjalarni oʻgʻirlab ketadi. Ammo eng yomoni, qargʻalar hosilga katta zarar yetkazadi. Ular juda koʻp yeydi va shu qadar koʻp ekinlarni yoʻq qiladiki, dehqonlar qargʻalarni eng yovuz dushman deb biladi.

Qargʻaning uzunligi taxminan 48 santimetrga teng. Uning rangi, jumladan, oyogʻi va tumshugʻi ham qop-qora. Bu har joyda hozir-nozir qush boʻlib, oʻzining katta tumshugʻini koʻp maqsadlarda ishlatadi. Koʻrinib turganidek, uning ishtahasi juda yaxshi va u meva, urugʻ, don, qush tuxumi, hasharot yoki oʻljasining yangi goʻshti bilan oziqlanadi. Ayrim qargʻalar qishda janubga koʻchib oʻtsa ham, har xil turdagi ozuqani isteʼmol qila olgani tufayli ularning biron joyga uchib ketishiga hojat yoʻq. Qargʻa juda oʻtkir koʻrish va eshitish qobiliyatiga ega.

Odatda ularning katta yoki kichik galalarini kuzatish mumkin, chunki gala oʻzini xavfdan yaxshiroq himoya qila oladi. Qargʻalar juda ayyor hisoblanadi, ammo ularni aldashning bir nechta aqlli usullari ixtiro qilingan. Qargʻalar joʻjalariga juda bogʻlanib qolgan. Shuning uchun ular qargʻa bolasining xirillagan, oʻtkir qichqirigʻini eslatuvchi tovushga tez toʻplanadi. Shuningdek, qargʻalar vaqti-vaqti bilan qirgʻiy va boyqushlarga ham hujum qilgani sababli ularning tulumlaridan qargʻani tuzoqqa tushirish uchun foydalaniladi.

Qargʻalar odatda uyalarini daraxtlarga, kamida 9 metr balandlikda qurib, erta bahorda koʻpayadi. Bu vaqtda gala tarqaladi. Yosh qushlar ucha boshlaganida esa gala yana yigʻiladi. Qishda bitta ulkan hududning barcha qargʻalari har kecha tunash uchun oʻrmonli joyda toʻplanishi mumkin. Ertalab ular ozuqa qidirib, uchib ketadi va quyosh botganida qaytib keladi. Tunash uchun bir joyga yigʻilgan qargʻalar soni 200−300 mingga yetishi mumkin. Odamning ularni yoʻq qilishga boʻlgan barcha urinishlariga qaramay, qargʻalar soni koʻpayishda davom etmoqda.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!