Kabutarlarning necha xil turi bor?

Kabutarlar tropik va moʻtadil iqlimli barcha hududlarda yashaydi. Bu qushning 300 dan ortiq turi mavjud, ammo Buyuk Britaniyada faqat bir nechta turi uchraydi. Eng gʻaroyib turlardan biri bu “pochtachi” yoki pochta kabutari. Agar erkinlikka qoʻyib yuborilsa, instinkti uni har doim jonajon kaptarxonasiga olib keladi. Bu uni turli xil xabarlarni yetkazish uchun “pochtachi” sifatida ishlatishga imkon beradi va odam uzoq vaqtdan beri qushning bu xususiyatidan foydalanib keladi.

Baʼzi Rim imperatorlari jang maydonida oʻz qoʻshinlari bilan aloqada boʻlish uchun pochta kabutarlaridan foydalanganini bilasizmi? XII asrda esa Bagʻdod sultoni kabutarlar yordamida muntazam pochta aloqasini oʻrnatgan. Bizning davrimida ulardan asosan urushlar paytida foydalanilgan va hatto Ikkinchi jahon urushi paytida ham ular xat-xabarlar yuborishda qoʻl kelgan. Amerikaliklar bu qushning bir turi — “yoʻlovchi kabutar”lar bilan bogʻliq qiziq va qaygʻuli tajribaga ega. Bir vaqtlar bu qush turiShimoliy Amerikaning har joyida uchragan.

Mustamlakachilik davrida “yoʻlovchi kabutar”lar shunchalik koʻp boʻlganki, ularning ogʻirligidan daraxtlar egilib turgan. Bir daraxtda bu kabutarning 100 tagacha uyasini koʻrish mumkin boʻlgan. Gala havoga koʻtarilganda, quyun paytida boʻlgani kabi shovqin turib, osmon “qoraygan”. Bunday koʻp sonli qush qachondir yoʻq boʻlib ketishi mumkinligiga ishonish qiyin boʻlsa-da, aynan shu narsa yuz bergan. Qushlar otilgan, tayoq bilan urib oʻldirilgan, toʻr bilan tutilgan va bozorlarda galalab sotilgan. Uch asrlik uzluksiz ov natijasida yildan yilga ularning galalari tobora kamsonli boʻlib borgan.

Oxir-oqibat, 1914-yilda Ogayo shtatining Sinsinnati shahrida oxirgi qush tutqunlikda oʻlgan. “Yoʻlovchi kabutar”ning uzunligi 40 santimetr, patlari esa koʻkish-kulrang boʻlgan. Uzunligi deyarli bir fut boʻlgan “yigʻloqi kabutar” juda mungli ovozi bilan ajralib turadi va yoʻq boʻlib ketgan “yoʻlovchi kabutar”ga shunchalik oʻxshaydiki, koʻpincha ularni adashtirishadi. Aytgancha, kabutarlar unchalik ham xushfeʼl qushlar emas. Ular juftlashish davrida tez-tez bir-biriga gʻazab bilan tashlanib, urishib turadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!