20.02.2024
Koʻpchilik bu gʻalati qush sovuq iqlim boʻlgan hamma joy — Shimoliy qutbda, Janubiy qutbda va boshqa yerlarda yashaydi deb hisoblaydi. Lekin pingvinlar faqat Janubiy yarimsharda uchraydi. Ular Antarktidada (Arktikada emas) va qitʼaga tutash orollarda yashaydi. Pingvinlar shimolroqdagi hududlarda, masalan, Peru yoki Braziliyaning janubi, Afrikaning janubi-gʻarbiy qismi, Yangi Zelandiya va Avstraliyaning janubida ham uchrashi mumkin. Shubhasiz, pingvin odam bilan kulgili oʻxshashligi tufayli shuhrat qozondi.
Pingvinlar yassioyoqlarida tik turadi. Ular koʻpincha askarlar singari saf tortib turadi. Ularning yurishi juda ulugʻvor va viqorli boʻlib koʻringanidan odam kulgidan oʻzini toʻxtatishi qiyin. Mayda va tangacha shaklidagi patlari butun tanasini qoplaydi. U frak va oq koʻylakdan iborat erkaklarning kechki tadbirlarga kiyiladigan libosiga oʻxshaydi. Tarixdan ilgarigi davrlardagi pingvinning boʻyi deyarli ikki metr boʻlgan. Bugungi kunda bunday pingvin qanday taassurot qoldirishi mumkinligini tasavvur qilib koʻring…
Hozirgi vaqtda pingvinlarning 17 turi mavjud boʻlib, ularning eng kattasining boʻyi 1 metr, vazni 36 kilogrammga yetadigan qirol pingvinidir. Bir paytlar qadim zamonlarda pingvin boshqa qushlar kabi uchgan. Ammo hozirgi kunda bu qanotlardan uchish uchun yaroqsiz boʻlgan kalta oʻsiqlar qolgan. Bu qanday sodir boʻlgan? Gʻalati koʻrinsa-da, ammo buning sabablaridan biri — pingvinning deyarli yoki hatto umuman dushmanlari boʻlmaganligi. U Antarktidaning shu qadar olis hududlarida yashaganki, unga hujum qiladigan hech kim boʻlmagan. Shuning uchun u quruqlikda ham, suvda ham oʻzini xotirjam his qilishi mumkin boʻlgan.
Qanotlaridan foydalanmaydigan pingvin avlodlari almashgani sari bu qanotlar parvozga yaroqsiz boʻlib qolguncha kichrayib, qattiqlashib boravergan. Biroq pingvinlar ajoyib suzuvchi gʻavvoslarga, qanotlar esa ajoyib suzgichlarga aylangan. Shuningdek, pingvinlarda yashash joylaridagi dahshatli sovuqdan himoya qiladigan qalin yogʻ qatlami paydo boʻlgan. Hozirgi vaqtda odam pingvinlarni yogʻi uchun ovlamoqda va ularni qirilib ketishdan himoya qilish uchun qonun qabul qilinishi kerak boʻlishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.