20.02.2024
Baʼzan bizga umuman oʻxshamaydigan mavjudotlarda biznikiga juda oʻxshash va xuddi shu tarzda ishlaydigan aʼzolar boʻlishi mumkinligini tasavvur qilish juda qiyin. Koʻpchilik baliq suvda yashab, sovuqqon boʻlganligi tufayli unda turli xil ichki aʼzolar yoki sezgilar boʻlmasligi kerak deb oʻylaydi. Aslida, baliqning ichki tuzilishi yuqori tabaqadagi issiqqon hayvonlarning tuzilishiga juda oʻxshash.
Koʻpchilik olimlarning fikriga koʻra, bu oʻxshashlik quruqlikdagi hayot dengizdan kelib chiqqanligini isbotlaydi. Baliqlar nafas oladi va ovqatni hazm qiladi. Ular asab tizimiga ega, ogʻriq va jismoniy noqulayliklarni his qiladi. Ular yaxshi rivojlangan sezgiga ega. Ular taʼmni sezadi, shuningdek, terisi ham juda sezgir. Boshida joylashgan burun teshiklarida ikkita kichik hid bilish aʼzosi bor. Ularning hatto quloqlari ham bor, lekin ular baliq tanasi ichida joylashgan. Baliqning tashqi eshitish aʼzolari yoʻq. Baliqlarning koʻzi boshqa umurtqali hayvonlarniki bilan bir xil, ammo soddaroq tuzilishga ega.
Demak, baliqning tanamizdagiga oʻxshash funksiyalarni bajarishga imkon beradigan tizimlari borligini koʻrishingiz mumkin. Keling, bu tizimlarning faqat ikkitasini — ovqat hazm qilish va qon aylanishini qisqacha koʻrib chiqaylik. Ovqat baliqning qiziloʻngachi orqali oshqozon bezlari joylashgan va ovqat hazm qilish boshlanadigan qorin boʻshligʻiga oʻtadi. Keyin u ichakka oʻtib, u yerda soʻriladi, yaʼni qonga oʻtadi. Turli xil baliqlarda turli ovqat hazm qilish tizimlari mavjud boʻlib, ular turli xil oziq-ovqat turiga — oʻsimliklardan tortib, boshqa baliqlargacha moslashtirilgan. Ammo baliq ham ozuqasidan biz kabi aniq maqsadda, yaʼni yashash, oʻsish va harakatlanish uchun energiya manbai sifatida foydalanadi.
Baliqning qon aylanish tizimi barcha ichki aʼzolarga ozuqa va kislorod yetkazib beradi. Baliqda qon aylanishini odamlarda boʻlgani kabi yurak taʼminlaydi. Baliq yuragi oyquloqlari orqasida va ulardan biroz pastroqda joylashgan. Uning bizniki kabi ritmik tarzda qisqaradigan uch yoki toʻrtta kamerasi bor.
Baliqning ming xil turi boʻlib, ularning har biri maʼlum yashash sharoitlariga moslashgan boʻlsa ham ichki aʼzolari, sezgilari va tizimlari biznikiga oʻxshaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.