20.02.2024
Dengiz otchasi baliqlarga mansub boʻlsa-da, undagi juda kam narsa baliqni eslatadi. Uning boshi poninikiga oʻxshash. Tanasi tangachalar oʻrniga qattiq plastinka va oʻtkir tikanlar bilan qoplangan. Dumi esa ilonnikiga oʻxshaydi. Hatto dengiz otchasining feʼl-atvori ham boshqa baliqlarnikidan farqli.
Odatda oqim olib ketmasligi uchun dumi bilan suv oʻtlarini oʻrab oladi. Suzganida orqasida joylashgan yagona suzgich yordamida, vertikal holatda harakatlanadi. Dengiz otchasining ogʻzi naycha shaklida boʻlib, u orqali ovqatni soʻrib oladi. Boshqa baliqlardan farqli ravishda, uning yaqqol koʻrinadigan boʻyni va tanasida burchak ostida joylashgan harakatchan hamda otnikiga oʻxshash boshi bor.
Dengiz otchasining eng oʻziga xos xususiyati bu — avlodini parvarish qilish usuli. Urgʻochi dengiz otchasi urugʻlarini erkagining dumi ostida joylashgan keng xaltaga soladi. Shuning uchun ham urugʻlarni ona emas, balki aynan ota baliqchalar chiqqunga qadar olib yuradi. Urugʻlardan chiqqandan keyin ham bolalari mustaqil yashashi uchun yetarli darajada kattalashguncha otasining xaltasida birmuncha vaqt qoladi.
Dengiz otchasi tropik va moʻtadil kengliklarning deyarli barcha dengizlarida uchraydi. Ular naychasimon baliqlar oilasiga mansub boʻlib, ozuqasi kichik dengiz organizmlari va boshqa baliqlarning urugʻlaridan iborat. Dengiz otchasi hech qachon oʻlaksa yemaydi. Uning 50 ga yaqin turi mavjud, oʻlchami esa 5 dan 30 santimetrgacha boʻlishi mumkin. Dengiz otlarini faqat yozda koʻrish mumkin boʻlgani uchun ular yozgi baliqlar hisoblanadi.
Qishda ular bilan nima sodir boʻlishini hech kim bilmaydi. Dengiz otchasi dushmanlardan himoyalanishi uchun unchalik koʻp vositalarga ega boʻlmasa-da, hujumlardan yaxshi himoyalangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.