20.02.2024
Dengiz yulduzi eng gʻaroyib jonzotlardan biridir. Uning gʻayrioddiy “qarindosh”lari sifatida tikanli dengiz tipratikani, dengiz bodringi va goloturiyalarni sanab oʻtish mumkin. “Ignatanlilar”1 deb ataladigan bunday hayvonlarning 6000 ga yaqin turi mavjud. Dengiz yulduzi, uning “qarindosh”lari yaxshi rivojlangan asab va ovqat hazm qilish tizimiga ega. Bu tizimlar barcha ignatanlilarga xos boʻlgan, bir xil besh boʻgʻinli tuzilishga ega. Dengiz yulduzlari baʼzan uch guruhga boʻlinadi. Nimjon yulduzlar qoʻlga tushganda uzunligi 20—25 santimetrga yetadigan uzun oʻsiqlarini tashlab yuboradi.
Tovlanuvchi “nurlipat”lar bogʻlamiga oʻxshaydigan “patli yulduz”lar ham bor. Shu qatorda oʻlchami odatda 13 santimetrdan oshmaydigan oddiy dengiz yulduzlari ham bor. Dengiz yulduzining dagʻal va qattiq terisi kalta ignalar bilan qoplangan. Tanasining markazida, ustki va pastki qismida tugma shaklidagi disklar joylashgan. Yulduzlar bu disklar orqali dengiz suvini soʻrib oladi yoki chiqaradi. Pastki disklar ogʻiz vazifasini bajaradi. Koʻzi nurlarning uchida joylashgan va ignalardan iborat halqa bilan himoyalangan. Qorin tomonida nurlar boʻylab egatga oʻxshash chuqurlarda naychasimon yopishib oladigan oyoqchalar joylashgan. Ular harakatlanish va hid bilish aʼzolari sifatida ishlatiladi.
Dengiz yulduzi oʻzining naychasimon oyoqlarida tez harakatlana olmaydi, ammo boshqa eʼtiborga loyiq narsaga qodir. U ustritsani ocha oladi. U ogʻzi bilan ustritsa chigʻanogʻidagi teshiklarga yopishib, uni ochilgunicha tortadi. Keyin dengiz yulduzi oshqozonini ogʻzidan tashariga agʻdarib chiqarib, ustritsani u bilan oʻrab oladi. U ozuqasini ogʻziga odatdagidek ham olishi mumkin. Shuningdek, u uzilib tushgan nurlarni tiklashga ham qodir. Dengiz yulduzi hatto bitta nurdan butun yangi tanani oʻstirishi mumkin.
[1] Ignatanlilar — terisi ignalar bilan qoplangan umurtqasiz dengiz hayvonlari.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.