Sardina nima?

Sardina — seldsimonlar oilasiga mansub, mayda sargʻish-yashil randagi baliq. Ularning maksimal kattaligi taxminan 25 santimetrga yetadi. Sardina boshqa seldsimonlar singari dudlangan shaklda isteʼmol qilinadi. Shuningdek, ular hali toʻliq voyaga yetmasdan ovlanib, konservalar tayyorlanadi. Tutilgan baliq avval chuchuk suv solingan idishlarga joylashtiriladi.

Keyin sardinalar ichak-chavogʻi va tangachalaridan tozalanib, boshi olib tashlanadi. Soʻngra baliq shoʻr suvda tutiladi va quritkichdan oʻtadigan katta idishlarga taxlanadi. Nihoyat, sardinalar qaynab turgan yogʻda taxminan besh daqiqa qaynatiladi. Soviganidan soʻng ular kichik yalpoq konserva idishlarga terib chiqiladi va qurib qolishdan himoya qilish uchun ustidan yana moy quyiladi. Shimoliy Amerikaning Tinch okeani sohillaridagi sardina turlaridan biri har qanday ovlanadigan baliqlardan koʻra eng koʻp vazn miqdorini beradi. Bir mavsumda bu turdagi taxminan 560 million kilogramm baliq ovlanadi.

Yevropadan import qilingan sardinalar asosan Oʻrta dengiz va Fransiyaning gʻarbiy sohilida ovlanadi. Aytgancha, sardina nomi Sardiniya orolining nomidan kelib chiqqan boʻlib, bu baliq birinchi marta koʻp miqdorda shu orol yonida ovlana boshlangan. Tinch okeani sohillari yaqinida tutilgan sardinalarning aksariyati konservalash uchun umuman ishlatilmay, balki sovun va boʻyoq ishlab chiqarish uchun moyga qayta ishlanadi, shuningdek, parranda va chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Urgʻochi sardina asosan aprel va may oylarida sodir boʻladigan urchish mavsumida 100 dan 300 minggacha urugʻ qoʻyadi. Zurriyot taxminan uch kundan keyin urugʻdan chiqadi va uch oydan keyin esa toʻdalarga toʻplana boshlaydi. Sardina mayda oʻsimlik va mikroorganizmlar bilan oziqlanib, oʻzi esa katta baliqlarga, masalan, lososga ozuqa boʻladi. Sardinalar suv yuzasiga yaqin joyda toʻda boʻlib harakatlanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!