Omarlar qanday o‘sadi?

Eng gʻalati dengiz jonzotlaridan biri bu — omar. U qisqichbaqasimonlarga mansub boʻlib, uning qarindoshlari sifatida daryo qisqichbaqasi, krevetka (mayda qisqichbaqa) va langustlarini¹ sanab oʻtish mumkin. Omarlarning uchta turi mavjud. Atlantika qirgʻoqlari boʻylab Labradordan Shimoliy Karolinagacha boʻlgan hududda yashaydigan Shimoliy Amerika omarlari eng kattasi hisoblanadi. Keyingi eng kattasi Atlantika okeanining Sharqiy qirgʻogʻida joylashgan Yevropa omari. Eng kichigi Afrika omari boʻlib, uni “Yaxshi umid” burnida uchratish mumkin.

Omar tanasi odatda toʻq yashil rangdagi zirh bilan himoyalangan, agar u qaynatilsa, bu zirh qizil rangga boʻyaladi. Zirhning old qismi deyarli monolit, undan keyin yana yettita segment boʻlib, ularning oxirgisi dum hosil qiladi. Omar harakatlanishi uchun toʻrt juft oyoqqa ega. Ularning ikki jufti uchida kichik changallar bor. Oldingi katta changallar aslida oyoq emas, koʻproq qoʻl vazifasini bajaradi. Ulardan biri juda qalin va massiv boʻlib, moʻrt narsalarni sindirib, maydalash uchun xizmat qiladi. Ikkinchisi esa kichikroq, qayrilgan shakl va koʻp sonli oʻtkir tishlarga ega. Omar bu changalini oʻlja yoki dushmanini ushlash uchun ishlatadi.

Odatda omarlar yurish uchun moʻljallangan orqa oyoqlari uchida muvozanatni ushlab, dengiz tubida harakatlanadi. Ular suv ichida biron nimadan qattiq qoʻrqqanida, teskari yoʻnalishda juda uzoqqa — 7,5 metrgacha sakrashi mumkin. Ular kuraklar bilan jihozlangan dumini kuchli silkitib, teskari yoʻnalishda juda tez harakatlanadi. Urgʻochi omar 5 mingdan 100 mingtagacha urugʻ qoʻyadi. U urugʻlarini taxminan oʻn oy davomida koʻtarib yuradi. Bu vaqt davomida urugʻlar omarning dumi ostiga yopishgan boʻladi. Tugʻilishi bilanoq ona bolalarini oʻzidan “quvib yuboradi” va ular mustaqil hayotni boshlaydi. Qattiq zirhga ega omar qanday qilib oʻsadi?

Omar butun hayoti davomida tullaydi. Bu omarning oʻsib, zirhiga sigʻmay boshlaganida uni tashlashini anglatadi. Omar hayotining birinchi yilida oʻn toʻrtdan oʻn yetti martagacha tullaydi, lekin ulgʻaygach yiliga bir martadan koʻp zirh tashlamaydi. Kichkina omar olti—sakkiz hafta davomida suv yuzasiga yaqin joyda suzib yuradi va shu vaqt ichida osongina boshqa jonzotlarning oʻljasiga aylanadi. Agar u omon qolsa, suv tubiga tushadi va sayoz joyda oʻziga uya quradi.


[1] Langust (yoki langusta) — dengizda yashaydigan katta qisqichbaqa. 

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!