Yopishqoq chig‘anoq nima?
Yopishqoq chig'anoq nima? Chig'anoqlar kemalarga qanday ta'sir ko'rsatadi?
2 min
Bu nima?

Agar dengiz sohilida boʻlib, toʻlqinqaytargich, toshlar, himoya devorlari yonida yurgan boʻlsangiz, katta ehtimol bilan, yopishqoq chigʻanoqlarni koʻrgansiz. Siz koʻrgan toʻlqinqaytargich va toshlardagi qatlam millionlab yopishqoq chigʻanoqlardan iborat. Yopishqoq chigʻanoq bu shunchaki kichik mollyuskadir. Dunyoga kelgach, ular erkin suzib yuradi. Ammo voyaga yetgach, ular harakat qilishdan toʻxtaydi va biror qulay yuzaga yopishib, harakat qilish qobiliyatini butunlay yoʻqotadi. Ularning yolgʻiz emas, balki millionlab yopishib olish odati odamlar uchun jiddiy tashvish tugʻdiradi.

Masalan, kema korpusida qatlam hosil qilgan bu chigʻanoqlar uning tezligini ikki baravar kamaytirishi mumkin. Qadimda kemalar unchalik katta boʻlmaganida, chigʻanoqlar ular uchun haqiqiy xavf tugʻdirgan, boshqarishni qiyinlashtirgan va hatto ularning kechikib, belgilangan vaqtda portga yetib borolmasligiga sababchi ham boʻlgan. Karib dengizida suzgan qaroqchilar ora-sirada kemalarini qirgʻoqqa chiqarib agʻdarib, chigʻanoqlardan tozalashga majbur boʻlgan. Qadimgi kit ovlash kemalari ikki yillik sayohati mobaynida korpusiga yopishgan juda koʻp miqdordagi chigʻanoqlar tufayli uyiga katta qiyinchiliklar bilan qaytgan. Hozirgi zamonaviy va kuchli kemalar davrida ham vaqt yoʻqotilishiga sababchi boʻladigan va harakatlantiruvchi tizimlarning yeyilishini (eskirishini) oshiradigan chigʻanoqlar tufayli butun dunyo kemachiligi katta yoʻqotishlarga uchraydi.

Yopishqoq chigʻanoqlarning koʻp turi boʻlib, ular orasida yogʻoch va metalldan koʻra toshlarda yashashni afzal koʻradiganlari ham bor. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, endi dunyoga kelganida ular kichik qisqichbaqa yoki omarlarga oʻxshaydi va harakatlana oladi. Ammo har qanday yuzaga yopishgan chigʻanoq butun umrga oʻsha yerda qoladi. Yopishgan chigʻanoqning qobigʻi oʻsishda davom etadi va uning tanasini toʻliq qoplaydi. Bunday holatda faqatgina paypaslagich yoki moʻylovchalari uning yagona harakatlanuvchi aʼzosi boʻlib qoladi. Uning olti juft paypaslagichlari boʻlib, ular bilan bironta kichik dengiz organizmini ushlab, uni oʻziga tortib olishda foydalanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!