Oltinbaliqning kelib chiqish tarixi qanday?
Oltinbaliq haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Oltinbaliqning ajdodi zogʻorabaliqdir. Yashil-kulrang zogʻorabaliq Xitoy va Yaponiyaning koʻl va daryolarida juda koʻp uchraydi. Oltinbaliq aynan shu yerda paydo boʻlgan va ularni xitoyliklar asrlar davomida, yaponlar esa 400 yildan ortiq vaqtdan beri yetishtirib kelgan. Oltinbaliqning bir nechtasi taxminan 200 yil oldin olib kelinganiga qadar u Yevropada nomaʼlum boʻlgan. Ular fransuz qiroli Lyudovik XVʼning maʼshuqasi, madam Pompadurga sovgʻa qilingan. Oʻsha paytda mazkur ayol yangi modani yaratuvchi boʻlganligi tufayli boshqalar ham bu baliqlarni olib kelishni boshlagan.

Oltinbaliqlarning oʻlchami 4 dan 30 santimetrgacha. Ularning keng tarqalgan yelpigʻichsimon, kometa va nimfa kabi turlari gʻarbda ancha taniqlidir. Oddiy oltinbaliqning tanasi kichik boʻlib, kaltagina, qattiq suzgichlarga ega. Yelpigʻichsimon oltinbaliq esa ancha qisqa va semiz tanaga ega boʻlib, qoʻshaloq dum va suzgichlari bor. Amerikada yetishtiriladigan kometa uzun va ayri shakldagi hilpirab turadigan dum va uncha katta boʻlmagan tanaga ega. Nimfa kometaga oʻxshaydi, lekin uning tanasi kalta va yumaloqroq. Uchala zotni ham akvariumda saqlash va ularni millionlab odamlarning uyida uchratish mumkin.

Agar akvariumda oltinbaliq saqlamoqchi boʻlsangiz, unda ular parvarishi haqida baʼzi narsalarni bilishingiz kerak. Baliqning pastga tushgan orqa suzgichi uning sogʻlom emasligidan dalolatdir. Ular orasida parazit oʻsimliklar keltirib chiqaradigan zamburugʻli kasallik juda keng tarqalgan. Bunday holda baliqning suzgichlarida oqish qatlam paydo boʻlib, u butun tanaga tarqala boshlaydi. Agar bu qatlam oyquloqlargacha yetib borsa, u baliqning nafas olishiga toʻsqinlik qiladi va nobud boʻladi. Baliq suzgichlari pastga osilib qolganda, uni shoʻr eritmada yuvish orqali davolash mumkin. Akvariumdagi suv bilan bir xil haroratdagi gallon suv uchun bir oshqoshiq tuz solingan eritma kundalik 30 daqiqalik vanna uchun yetarli. Baliqni sayoz idishdagi bu eritmaga joylashtirib, unchalik yorugʻ boʻlmagan joyda qoldirish kerak. Keyin akvarium va suv oʻtlarini toʻrt soat davomida kaliy permanganatning juda zaif eritmasida ivitib yuvish va toza suv bilan toʻldirish kerak. Ikkiuch kundan keyin akvariumga baliqlarni koʻchirish mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!