20.02.2024
Sakkizoyoqning oyogʻi uning boshi atrofida oʻsadigan uzun qoʻllarga oʻxshash paypaslagichlarga boʻlingani tufayli u “bosh-oyoqlilar” deb ataladigan mollyuskalar guruhiga mansub. Sakkizoyoqda sakkizta shunday paypaslagich bor. Sakkizoyoq hayvonot dunyosining “mollyuskalar” deb ataladigan qismiga tegishli boʻlsa-da, u venera va ustritsa kabi mollyuskalardan mutlaqo farq qiladi. Unga eng yaqini — kalmar. Ikkalasining ham chigʻanogʻi yoʻq. Ularning faqatgina tanasini qoplab turadigan yumshoq mantiyasi bor. Ularning paypaslagichlari uzun va egiluvchan boʻlib, pastki qismida soʻrgʻichlar mavjud. Ular sakkizoyoqqa biron nimani ushlashga va unga mahkam yopishib olishga imkon beradi.
Sakkizoyoqning orqa qismida suv kiradigan, girdobsimon shakldagi kamera mavjud. Sakkizoyoq baliq kabi undan kislorod oladi. Bu kamera yordamida sakkizoyoq tez harakatlana oladi. Sakkizoyoq bu kameradan suvni katta kuch bilan chiqara olishi natijasida uning tanasi juda tez surʼatda harakatlanadi. Shu tarzda yaqinlashayotgan dushmanlaridan juda tez qochib qutulib, sakkizta paypaslagichi yordamida qoyatoshga oʻrmalab chiqadi yoki yoriqqa kirib ketadi. Sakkizoyoq tinch yotganida, uning paypaslagichlari erkin yoyilib yotadi. Dushman yaqinlashganda esa u qochishi yoki raqibini paypaslagichlari bilan mahkam changallashi mumkin.
Agar ishlar jiddiy tus olsa, u “tutun pardasi”ni hosil qilib, qochishi mumkin. U tanasining pastki qismidagi bezdan atrofidagi suvni qoraytiradigan siyohga oʻxshash suyuqlik chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, sakkizoyoq atrof-muhitga qarab tanasining rangini oʻzgartirishi mumkin. U qizil rangdan kulrang, sariq, jigarrang yoki koʻk-yashil rangga aylanishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.