20.02.2024
Kolumb dengizlarni kezib yurgan paytlarda kemani choʻktirishi yoki dengizchini okean tubiga sudrab ketish uchun suvdan koʻtariladigan uzun qoʻlli maxluqlar haqidagi hikoyalarni eshitish mumkin edi. Bunday hikoyalar mubolagʻa edi. Bunaqa maxluqlar umuman boʻlmagan va dengizchilar ulkan sakkizoyoq yoki kalmarni koʻrgan boʻlishi mumkin. Bu ikkala jonzot ham mollyuskalarning bosh-oyoqlilar oilasiga mansub, chunki ularning oyogʻi boshi atrofida oʻsadigan uzun qoʻllarga oʻxshash paypaslagichlarga ajraladi.
Tipik kalmar chetlarida uchburchak suzgichlari bor choʻziq va oriq tana, yaxshi rivojlangan koʻz joylashgan, kalta kvadrat bosh va oʻnta paypaslagichga ega. Bu paypaslagichlarning (yoki qoʻllarning) pastki tomonida pishiq va qattiq halqalar bilan mustahkamlangan, qator soʻrgʻichlar mavjud. Ushbu paypaslagichlarning ikkitasi boshqalariga qaraganda uzunroq va egiluvchanroq. Soʻrgʻichlar paypaslagichlarning uchlarida joylashgan boʻlib, oʻziga xos “qoʻl”ni hosil qiladi. Kalmar ikkita uzun paypaslagichni oʻljasini ushlash uchun ishlatadi. Qolgan sakkiztasi esa ozuqani ogʻizga yoʻnaltirish, shuningdek, paypaslagichlar hosil qilgan aylana markazidagi ogʻiz atrofida joylashgan qattiq jagʻlari bilan chaynayotgan vaqtda uni ushlab turish uchun xizmat qiladi.
Mantiya yoki teri tagida bir vaqtlar kalmar chigʻanogʻining qoldigʻi boʻlishi mumkin boʻlgan, togʻayga oʻxshash plastina bor. Turli xil kalmarlar mavjud va ulardan biri boʻlgan gigant kalmar yerdagi umurtqasiz hayvonlarning eng katta vakili hisoblanadi. Shimoliy Atlantikada ovlangan ayrim ulkan kalmarlarning uzunligi 16 metrga (uzatilgan paypaslagichlari bilan) yetgan. Gigant kalmarlar boshqa bir guruhining uzunligi ikki metrga yetadi. Kalmar sakkizoyoq va sepiya singari atrofdagi suvni qoraytirish uchun siyohga oʻxshash suyuqlik chiqarishga qodir.
Fosforossensiyalanadigan1 , yaʼni qorongʻida yorugʻlik chiqarib, nur sochadigan kalmar guruhi mavjud. Yorugʻlik aʼzolari mantiya, paypaslagich, mantiya ichidagi boʻshliqda va koʻzi atrofida joylashgan. Kechasi ular juda chiroyli koʻrinadi. “Uchar” deb nomlangan yana bir kalmar suv yuzasi ustidan “uchib oʻtish”ga qodir.
[1] Fosforossensiyalanmoq — qorongʻida nurlanib, nur sochib turmoq.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.