20.02.2024
Krabni (yoki omarni) birinchi boʻlib isteʼmol qilgan kishi kim boʻlishidan qatʼiy nazar u juda jasur, juda och yoki unda ikki holat ham boʻlgan. Agar hayotingizda hech qachon krabni koʻrmagan boʻlsangiz, unda uni yeyish mumkinligini tasavvur qilishingiz juda qiyin. Krab butun dunyoda juda keng tarqalgan va odamzodga shu qadar uzoq vaqtdan beri maʼlumki, biz kim va qachon ularni isteʼmol qilishni boshlaganini hech qachon bila olmaymiz.
Balki krablar ming yillar oldin dengiz sohillarida yashagan odamlar tomonidan isteʼmol qilingandir. Krab Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Hindiston, Yaponiya, Tinch okeanining aksariyat orollari, Alyaska va boshqa joylarda uchraydi. Krabning usti qattiq zirh bilan qoplangan boʻlib, changallari unga qurol boʻlib xizmat qiladi.
Krabning 1000 dan ortiq turi bor va ularning barchasi bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. Goʻshti tansiq hisoblanadigan noʻxat krabi 25 millimetrdan kichikroq va uni koʻpincha tirik ustritsa chigʻanogʻi ichida uchratish mumkin. Gigant yapon krabi esa uning aksi boʻlib, tanasining koʻndalang oʻlchami 30 santimetr, oyogʻi bilan oʻlchanganda esa 3,5 metrni tashkil qilishi mumkin.
Garchi krablarning bir nechta turi chuchuk suvda yashasa ham, ularning aksariyati shoʻr suvda yashaydi. Ammo quruqlikda yashovchi krablar ham tuxum qoʻyish uchun suvga qaytadi. Burmalari boʻlgan kichik qorin qismi krab tanasining pastki qismida joylashgan. Koʻzi novdaga oʻxshash oʻsimtalar uchida joylashgan boʻlib, krab ularni oldinga chiqarishi va oʻzi istagan tomonga burishi mumkin. Krabning olti juft jagʻi boʻlib, ular deyarli doimo ishlab turadi. Chunki krab har narsa bilan oziqlanib, uchragan narsani yeydi. Tropiklarda yongʻoqni yeyish uchun kokos palmalariga chiqishga qodir palma oʻgʻrilari boʻlgan krablar ham maʼlum.
Barcha krablarning besh juft oyogʻi bor. Old juftlik odatda changallarga ega. Orqa juft oyoq uchlari esa koʻpincha yassi boʻlib, suvda harakatlanish uchun eshkak vazifasini bajaradi. Quruqlikda krablar odatda yonlama harakatlanadi va juda tez yugurishi mumkin. Aytgancha, mazali taom deb hisoblangan “yumshoq zirhli krablar” aslida umuman yumshoq zirhga ega tur emas emas, balki eski zirhini tashlagan va yangisi hali qotib ulgurmagan krablardir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.