Ustritsa suvdan tashqarida yashay oladimi?

Ochilgan chigʻanogʻida yotgan ustritsaga qarab, bu jonzot koʻplab murakkab funksiyalarni bajarishga qodir ekaniga ishonish qiyin. Keling, ustritsani diqqat bilan oʻrganib va uning hayotini koʻrib chiqamiz.

Ustritsalarning bir-biridan shakli, kattaligi va atrofdagi sharoitga qarab chigʻanogʻi bilan farq qiladigan 100 dan ortiq turi mavjud. Amerika ustritsasining tanasi chigʻanoqning botiq chap tomonida joylashgan boʻlib, oʻng yoki yuqori tomoni odatda tekis boʻladi. Chigʻanoqning tor uchi ustritsaning old qismida, orqa tomonda esa yumaloq keng qismi joylashgan. Chigʻanoqning ikki pallasi yoki tavaqalari oʻzaro egiluvchan bogʻlama bilan birlashtirilgan. Tavaqaning ichki qismida “mantiya” deb nomlanadigan nozik plyonka mavjud. Ustritsaning himoyalanish uchun ishlatiladigan, mantiyadan oʻsib chiqadigan ikki qator paypaslagichlari mavjud. Bu paypaslagichlar har qanday xalal beruvchi narsa, yorugʻlik oʻzgarishi yoki har qanday taʼsir qiluvchidan (qoʻzgʻatuvchidan) taʼsirlanadi. Signal ulardan mantiyadagi nervlar orqali chigʻanoqni yopadigan mushakka uzatiladi.

Ustritsa boshqa jonzotlarga hujum qilish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun u faqatgina chigʻanoqni mahkam yopib, uni shu holatda mahkam ushlab turish orqali oʻzini himoya qila oladi. Bunga maxsus mushak tufayli erishadi. Ushbu mushak sharofati bilan barcha isteʼmol qilinadigan ustritsalar suvdan chiqarilgandan keyin ham yashay oladi. Maʼlumki, baʼzilari noldan biroz yuqori haroratda ushlab turilsa, taxminan toʻrt oy davomida yaxshi holatda saqlanishi mumkin. Agar ular isitilsa, silkitilsa yoki ularga ehtiyotsizlik bilan muomala qilinsa, unda mushak zaiflashib, tavaqalar ochiladi va ichidagi suv chiqib ketib, ustritsa tez orada nobud boʻladi.

Ustritsa oyqulogʻi bilan nafas oladi va kislorod olish uchun suvni soʻrib oladi. Ustritsa suvdagi mikroorganizmlar bilan oziqlanadi. Ular shunchalik kichikki, ularni faqat mikroskop orqali koʻrish mumkin. Shunga qaramay, ustritsa faqat mos oʻlcham va shaklga ega boʻlgan hamda boshqa baʼzi talablarga javob beradigan mikroorganizmlarni tanlash uchun yetarlicha sezgirlikka ega.

Ustritsa oshqozon va ichak bilan bogʻlangan tor tomoqqa ega. Bu yerda ozuqa ferment yordamida maydalanib, hazm qilinadi. Bu joyda ovzuqani oʻrab turadigan va uni oʻzlashtiradigan qon hujayralari ham mavjud. Shuningdek, ustritsa yurak, arteriya, vena, boʻshliq hamda toʻliq qon aylanish tizimiga ham ega. Yuragi bir daqiqada 15—24 marta uradi. Ustritsaning qoni rangsiz. Bu qisqacha tavsif sizga ustritsa koʻringani kabi darajada sodda jonzot emasligini ochiqlaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!