Karakatitsa nima?

Kanareykalar egasi karakatitsalardan¹ olinadigan “karakatitsa qiltanogʻi” haqida bilsa kerak. Bu qiltanoq kanareyka va boshqa xonaki qushlarga tumshugʻini charxlab turishi uchun beriladi. Ammo buni hisobga olmasak, biz karakatitsa haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. Karakatitsa baliq emas, balki mollyuskadir. U “bosh-oyoqlilar” deb ataladigan mollyuskalar guruhiga mansub. Bunday deb nomlanishiga sabab ularning paypaslagichlari yoki oyogʻi ogʻzi atrofida joylashgan. Sakkizoyoq ham ushbu mollyuskalar guruhi vakili hisoblanadi.

Karakatitsa juda gʻalati mavjudotdir. U qalqon shaklidagi tanasiga birikkan bir qator suzgichlari yordamida suvda ohista va tovushsiz harakatlanadi. Harakatlanayotganida baʼzan paypaslagichlarining birinchi juftini koʻtaradi. Karakatitsa oʻljasini koʻrganida, unga hujum qilish uchun qulay masofaga yaqinlashib, keng boshidagi boʻrtib chiqqan koʻzi ortida joylashgan bir juft uzun paypaslagichlarini toʻsatdan u tomon uzatadi. Oʻljasini bu paypaslagichlarining uchidagi soʻrgʻichlar yordamida tutib olgach, bosh atrofida joylashgan va soʻrgʻichlarga ega keyingi kaltaroq, ikki juft paypaslagichlari bilan yanada mahkamroq ushlash uchun kerakli masofada oʻziga tortadi.

Shuningdek, karakatitsaning toʻtiqushnikiga oʻxshash tumshugʻi bor va dafʼatan qurbon qattiq chigʻanoqqa ega boʻlsa, uni bu tumshugʻi bilan osongina parchalab tashlaydi. Agar karakatitsa birovdan qochib qutulishga qaror qilsa, u tezda uzoqlashadi. U buni “sifon” deb ataladigan quvur orqali suvni keskin chiqarib amalga oshiradi. Baʼzan raqibini chalgʻitmoqchi boʻlganida, u suvni “sepiya” deb ataladigan siyohsimon suyuqligi bilan loyqalatadi.

Aytgancha, odamlar bu siyohsimon sepiyadan foydalanadi: undan toʻyingan jigarrang pigment yoki boʻyoq tayyorlanadi. Karakatitsa goʻshtini isteʼmol qilish mumkin, terisi ostidagi chigʻanoqqa oʻxshash suyak esa maydalab kukunga aylantiriladi va baʼzi tish pastalarini ishlab chiqarishda ishlatiladi.


 [1] Karakatitsa — dengiz mollyuskalarining bir turi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!