Nega ayrim odamlar pakana?

Pakanalar yoki boshqacha qilib aytganda — liliputlar qadim zamonlardan beri eʼtiborni jalb qilgan. Pakanalar qirol oilasining ovunchogʻi sifatida koʻplab saroylarda saqlangan. Eng mashhur pakanalardan biri, general Tom Tambni millionlab odamlar koʻrgan. Uning haqiqiy ismi Charlz Stretton boʻlib, 25 yoshida uning boʻyi 100 santimetr, vazni esa 11 kilogrammni tashkil etgan. Odamlar juda baland, juda past yoki normal boʻyli boʻlishi mumkin. Juda baland yoki juda past boʻy odatda biror kasallik taʼsiri yoki baʼzi bezlarning ishlashi yoki ishlamasligi oqibati boʻlishi mumkin. Umuman olganda, insonning boʻyi irsiyatga bogʻliqdir.

Masalan, Afrikadagi vatuzi va masai qabilalarida koʻplab erkaklarning boʻyi ikki metrga yetadi. Ular uchun bu normal boʻy. Shu bilan birga, Afrikada pigmeylar qabilasi ham mavjud boʻlib, ularning boʻyi taxminan 130 santimetrga teng. Bu ular uchun normal holat. Boʻyi gʻayritabiiy boʻlgan pakanalar odatda ichki sekretsiya bezlarining qandaydir buzulishiga ega. Odamning boʻyiga endokrin, gipofiz, adrenalin, shuningdek, erkak va ayol jinsiy bezlari taʼsir qilishi mumkin.

Boshi va tanasi normal oʻlchamda, lekin qoʻl-oyoqlari juda kalta boʻlgan pakanalar ham bor. Buning sababi kasallikdir. Suyaklarning oʻsayotgan uchidagi togʻay suyakka aylanib borishi tufayli normal skelet bolalik va oʻsmirlik davrida kattalashib boradi. Togʻaylardagi kasallik qoʻl va oyoqlarning normal oʻsishiga xalaqit berishi mumkin. Gipofizda gormonlarning yetishmasligi ham pakana boʻy sababi boʻlishi mumkin. Bola hayotining birinchi yillarida oʻsadi, keyin esa uning oʻsishi toʻxtaydi, tanasi nisbati bolalarnikiga xos boʻlib qoladi. Bunday bolaga gormonlar bilan yordam berish mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!