Instinkt nima?
Instinkt organizmning tashqi yoki ichki ta'sirlar natijasida yuzaga keladigan reaksiyasi. Odamda qanday instinktlar bor? Insoniy instinktlar haqida.
2 min
Inson organizmi

Koʻpchilik har bir harakatni ongli ravishda bajaramiz, yaʼni oʻzimiz xohlaganimiz uchun oʻtiramiz, turamiz, qoʻl silkitamiz deb oʻylaydi. Aslida, odam va barcha tirik mavjudotlarning harakatlarini tushuntirish unchalik ham oson emas. Masalan, velosipedda ketayotganda ularni qanday qilish haqida oʻylamasdan yuzlab harakatlar qilishingiz mumkin. Sizning harakatlaringiz tajriba va mahorat natijasidir.

Aytaylik, biror issiq narsaga bexosdan teginganda darhol barmogʻingizni tortib olasiz. Siz barmogʻingizni qanday tortib olish haqida oʻylamaysiz — buni shunchaki bajarasiz. Bu harakat instinktidir. Harakatlarimiz ongli ravishda boʻlmaydigan yana bir misolni koʻrib chiqaylik. Siz ochsiz. Oʻzingizga: “Men ochman, boraman va ovqat topaman”, deb aytmaysiz. Siz shunchaki borib ovqatlanasiz. Bunday harakatni instinkt deb atash mumkinmi? Garchi ayrim psixologlar buni notoʻgʻri deb taʼkidlasa ham har holda odamlarda instinktlar (masalan, ochlik, mudofaa va boshqalar) mavjud. Ammo bizga boshqa hayvonlar instinktiv ravishda harakat qilishi ham maʼlum.

Instinkt bu — organizmning tashqi yoki ichki taʼsirlar natijasida yuzaga keladigan reaksiyasi. Masalan, qush pat, oʻt, shox-butoqlarni yigʻib uya quradi. U bularning barchasidan daraxt shoxi yoki biron devor kamarida muayyan oʻlchamlarda, juda barqaror uya quradi. Turli xil qushlarning uyalari bir-biridan farq qiladi va oʻziga xos xususiyatlarga ega. Qushning bunday qobiliyatlarini izohlashi mumkin boʻlgan yagona narsa bu — instinkt.

Tirik mavjudotlarda instinktiv harakatlar har doim ochlik yoki qoʻrquv kabi ichki yoxud tashqi taʼsirlardan kelib chiqadi. Qush va hayvonlarning endokrin bezlaridagi ayrim oʻzgarishlar biz instinktlar deb ataydigan narsalarni namoyon qilishi ehtimoli ham bor. Ozuqa qidirish, ertalabki sayrash, ona gʻamxoʻrligi, migratsiya va qishki uyqu — bularning hammasi hayvon bezlari faoliyatining koʻrinishlari. Demak, barcha tirik mavjudotlarning instinktiv xatti-harakatlari organizmning hayotiy ehtiyojlariga mos keladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!