Qon nega qizil rangda?
Qonga nima rang beradi? Gemoglobin nima?
2 min
Inson organizmi

Arteriya, kapillyar va tomirlarimiz orqali oqayotgan qonda juda koʻp, turli xil modda va hujayralar mavjud. Qonning har bir tarkibiy qismi oʻz vazifasi va ahamiyatiga ega. Qonda birinchi navbatda plazma deb ataladigan tashkil etuvchi suyuqlik mavjud. Uning ulushi qon tarkibining yarmidan biroz koʻproq. U och sariq rangga ega va suvdan zichroq. Unda koʻplab erigan moddalar mavjud. Bular qaysi moddalar? Protein, kasalliklarga qarshi turadigan antitanacha, qon ivishini taʼminlaydigan fibrinogen, uglevod, yogʻ, tuz, qon hujayra va boshqalar…

Qizil qon tanachalari deb ataladigan qon hujayralari qonga rang beradi. Ularning qondagi miqdori shunchalik koʻpki, ular tufayli qon qizil boʻlib koʻrinadi. Bizning tanamiz boʻylab bir vaqtning oʻzida harakatlanadigan 35 milliardga yaqin shunday kichik, yumaloq, yapaloq disklar mavjud. Ular barcha qon tomirlarda boʻladi. Yosh qon hujayra suyak iligida oʻsib yetilganida, u yadrosini yoʻqotadi va tobora koʻproq gemoglobin ishlab chiqara boshlaydi. Gemoglobin bu — oqsil bilan birga temirdan iborat qizil pigment.

Qon oʻpkadan oʻtayotganda qizil hujayralar gemoglobiniga kislorod qoʻshiladi. Arteriya va kapillyarlar orqali qizil hujayralar kislorodni butun tanaga olib boradi. Tana toʻqimalari hujayralaridagi karbonat angidrid oʻpkaga xuddi shu tarzda tomirlar orqali, asosan gemoglobin bilan birgalikda qaytadi. Qizil hujayralar atigi toʻrt oy yashaydi va keyinchalik taloqda parchalanadi. Eskirgan va parchalangan hujayralarning oʻrniga muntazam ravishda yangilari ishlab chiqariladi. Qizil qon hujayralaridan tashqari oq qon hujayralarining ham bir nechta turlari mavjud.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!