20.02.2024
Biz yurakning tanadagi qon aylanishini taʼminlaydigan nasos ekanligini bilamiz. Yurakning chap qorinchasi qisqarganda, zarba sodir boʻladi. Bunda qon kirib kelayotgan qonni qabul qilish uchun kengayadigan arteriyalarga suriladi. Ammo arteriyalar bu bosimga qarshilik koʻrsatadigan mushak qobigʻiga ega boʻlganligi uchun, qon ulardan tananing maydaroq tomirlariga siqib chiqariladi. Qon bosimi bu — yurakning qisqarishi va arterial devorlarning qarshiligi natijasida qonga tushadigan bosim.
Bosimning ikki turi mavjud: maksimal va minimal. Maksimal bosim chap qorincha qisqarganda hosil boʻladi va u sistol bosim deb ataladi. Minimal bosim esa keyingi yurak urishidan oldin kuzatiladi va bu diastol bosim deb ataladi. Shifokor qon bosimingizni oʻlchaganida, bosim ostida koʻtarilib tushadigan simob ustuni yordamida bosimni aniqlaydigan asbobdan foydalanadi. Oʻlchov birligi dyuym emas, millimetrda belgilangan. Yosh kishining oʻrtacha sistol bosimi taxminan 120 millimetr simob ustunini tashkil qiladi.
Diastol bosimi esa taxminan 80 millimetrni tashkil qiladi. Odatda bu raqamlar quyidagicha belgilanadi: 120/80 yoki 120 ga 80. Qon bosimi ushbu chegaralar doirasida boʻlsa, qonning tomirlar devoriga ortiqcha yuklamasiz normal aylanishi taʼminlanadi. Ammo bosim normal boʻlib qolgan holda ushbu qiymatlardan koʻplab ogʻishlar mavjud.
Yosh oʻtgan sari qon bosimi asta-sekin oʻsib boradi va 60 yoshga kelib, uning koʻrsatkichi 140/87 atrofida boʻladi. Qon bosimiga koʻplab omillar taʼsir qiladi. Odatda ortiqcha vaznli odamlar normal vaznlilarga nisbatan yuqori bosimga ega boʻladi. Zoʻriqish, jismoniy yuklamalar va hatto tana holati ham qon bosimiga taʼsir qilishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.