Varikozli venalar nima?

Keksa va koʻp vaqtini oyoqda oʻtkazadigan kishilar koʻpincha venalar varikozini orttirib oladi. Buni ushbu kasallikdan aziyat chekayotganlarda shishgan, buralgan va koʻk rangdagi venalar orqali payqash mumkin. Varikozli venalar bu — elastikligini yoʻqotishi natijasida shishib, buralib qolgan venalar. Shish tomirlarning zaiflashgan devorlari qon bosimiga bardosh bera olmasligi sababli yuzaga keladi.

Venalarni shunchaki oyoqlardan yurakka boradigan uzun naychalar deb tasavvur qiling. Kishi turganida tomirlardagi qon ustunining ogʻirligi qon tomirlar devoriga tushadi. Sogʻlom venalarda qonning butun massasi oyoq venalariga bosim oʻtkazmasligini taʼminlovchi klapanlar mavjud. Ammo vena elastikligini yoʻqotgan zahoti, u shishib chiqadi. Chunki vena devorlari endi bosimni “ushlay olmaydi”. Bu sodir boʻlganda, klapanlar toʻliq yopilmaydi va kerakli tarzda ishlay olmaydi. Natijada venadagi qon massasining devorlarga bosimi ortadi va bu uning yanada kengayishiga olib keladi. Tik turganimizda venalarimiz u yoki bu tarzda kengayganligi sababli, bu holat endi boshlanganida sezilmasligi mumkin.

Venalardagi oʻzgarishlar koʻpincha uzoq vaqt davomida sodir boʻladi. Kishi birinchi marta buni oyoqlarida ogʻirlik yoki charchoqni his qila boshlaganda sezishi mumkin. Kechalari oyoqda tomir tortishishi paydo boʻlishi mumkin. U oyoq va tovonlarda zirqiragan ogʻriqni his qilishi, kechga borib toʻpiqlar odatdagidan koʻproq shishishi mumkin. Agar bu shishgan, buralgan venalarning paydo boʻlishi bilan birga kechsa, bu varikoz boshlanganligining alomatidir.

Vena varikozini davolashning koʻplab usullari mavjud. Venalarni kam kuch bilan qondan xalos qilish uchun oyoqlarni bir muncha vaqt yurakdan balandroqda ushlab turish kerak. Boshqa hollarda, venalarni kuchaytirish uchun dori yuborilishi, eng ogʻir holatlarda esa venaning bir qismini olib tashlash zarur bo‘lishi mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!