Yerda nega cho‘llar bor?

Biz istiqomat qilayotgan Yer naqadar goʻzal! Koʻm-koʻk okeanlar, oppoq qutb muzlari va yam-yashil yerlar…
Ammo oʻsimlik koʻp boʻlmagan joylarda yerning rangi jigarrang boʻlishini juda yaxshi bilamiz. Xoʻsh, nega yerning baʻzi qismlari hosilsiz-u, boshqasi yam-yashil?

Nega choʻl Afrika va Avstraliyaning katta qismini qoplagan-u, lekin Yevropada bunday emas? Yevropaliklar bunga javob topdi. Qayerdan deysizmi? Eng kutilmagan joy — okeanlardan! Yevropadan suzib chiqib ketganda kemalarni shamol shiddat bilan janubi-gʻarbga, ekvator tomonga haydagan. Kema u yerga yetib kelgach esa shamol birdan toʻxtagan. Bu passatlar edi. Ular dengizchilar uchun bosh ogʻrigʻining oʻzi edi. Ularga oid savollar shamol janubi-gʻarbga esishi sababi haqidagi nazariyalarni tuzgan Galileo, Kepler va Galley kabi olimlarni ham qiynar edi. Shamol qandaydir sabab tufayli ertadan kechgacha Quyoshga ergashadimi? Balki shamol ostida aylanayotgan Yerning tezligiga yetolmayotgandir?

1735-yilda Jorj Hedli ismli londonlik huquqshunos va havaskor meteorolog nafaqat okeanlardagi shamolni, balki nega sayyoramizning belbogʻida oʻrmonlar bor-u, uning shimol va janubida choʻllar borligini ham tushuntirishda yordam bergan yanada yaxshiroq gʻoyani oʻylab topadi. Hedli Quyosh Yerning ekvator qismini eng koʻp isitgani tufayli uning shimoli hamda janubida havo sovuqroq, zichroq boʻlishini tushunadi. Xuddi qishda sovuq havo ichkariga gʻuvullab kirganidek, ekvatorning shimoli va janubidagi sovuq havo ham oʻrtadagi iliq havo tomon oqishi va oʻzi bilan dengizchilarni olib kelishi kerak.
Aynan shu passatlarda havo oqishdan toʻxtab qolmaydi, u shunchaki yuqoriga qarab ketadi va ikki tomondan kelayotgan zichroq havoga yoʻl ochib beradi. Aynan shunda Yerning yashil va jigarrang qismlari paydo boʻladi. Ekvatordagi iliq va nam havo koʻtarilib soviydi va sovuq havo oʻzida iliq havochalik namlikni saqlay olmagani tufayli yomgʻir yogʻadi. Juda koʻp yogʻadi. Bu yomgʻir hatto oʻrmonlar hosil qilishga yetarli darajada boʻladi.

Koʻtarilayotgan va quriyotgan havo taxminan 17 kilometr balandlikka koʻtarilgach stratosferaga uriladi.U esa shift vazifasini oʻtab iliq havoning bir qismini shimolga, bir qismini janubga tarqatib yuboradi. Havo ekvatorni tark etayotib to butunlay qurimaguncha namligining katta qismini yomgʻir koʻrinishida tushirib yuboradi va zich hamda ozgina sovuqroq boʻladi. Soʻngra esa choʻkadi va dunyoning eng mashhur choʻllari joylashgan yerlarda qurgʻoqchil tasmalarni hosil qiladi. Rasman Hedli hujrasi deb nomlangan ushbu ulkan atmosferik tasma tropik oʻrmon va choʻllarning ham hosil boʻlishiga olib keladi. Demak, Yerdagi yashil va jigarrang quruqliklarning joylashuvini koʻp miqdordagi issiq havo hal qiladi.


Ushbu mavzuga doir video → youtu.be/-3xuXCY0IRs

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!