Chaqmoq urishidan qanday omon qolish mumkin?

Chaqmoq chaqayotgan vaqtda katta ochiq maydon oʻrtasida qolib ketsangiz, quyidagi formalarning qaysi biri sizni xavfsiz saqlab qoladi? Qalin suzish kiyimi yoki Supermen kostyumi? Balki bu oʻrta asr sovuti yo tugʻilgan kuningizdagi kiyimingizdir?..

Oʻrta asr sovutini tanladingizmi? Gʻalati, ammo toʻgʻri tanlov!
Nega gʻalati? Chunki chaqmoqning metallga urish ehtimoli rezina, mato yoki ochiq teriga urish ehtimolidan ancha katta.


Buning sababi shundaki, chaqmoq bu — shunchaki A nuqtadan B nuqtaga borish uchun eng oson yoʻlni qidirayotgan, tez harakatlanayotgan elektronlar oqimi. Hech bir kundalik material bu ishni metallchalik yaxshi bajarmaydi. Unda nega chaqmoqni oʻziga tortadigan narsa sizni xavfsiz saqlaydi? Buning javobi oddiy: metall juda yaxshi elektr oʻtkazuvchidir. Elektronlar metall yuzasidan shunchalik yaxshi sirg‘anib oʻtib ketadiki, deyarli ichkariga oʻtmaydi. Agar elektr toki konserva bankasi, metall quti yoki hatto payvandlangan sovut kabi boʻsh metall konteynerdan oʻtayotgan boʻlsa, tok konteynerning ichiga kira olmaydi.

Fiziklar bunday konteynerni Faradey qafasi, yuqori voltli simlar bilan ishlaydigan elektrchilar kiyadigan poʻlatdan yasalgan kiyimni esa Faradey kostyumi deb atashadi. Aslida sizning mashinangiz ham Faradey qutisining kundalik misoli boʻla oladi. Shuning uchun ham rezina gʻildiraklar haqida eshitganlaringizga qaramay, sizni aslida xavfsiz saqlab turadigan narsa bu — yopiq metall korpus. U chaqmoqni ichingizdan emas, atrofingizdan oʻtkazib yuboradi. Albatta, agar chaqmoq vaqtida mashinangizdan uzoqda, ochiq maydonda qolib ketsangiz, yoningizda sovut yoki elektrchilar formasi boʻlishi ehtimoli juda kam.

Bunday holatda siz yalangʻoch boʻlasizmi yoki kiyinganmi — tanangiz havo yoki tuproqdan yaxshiroq elektr oʻtkazuvchi hisoblanadi. Shunday ekan, u harakatlanuvchi tok uchun juda qisqa yoʻl vazifasini bajaradi. Tikka tursangiz siz tushayotgan chaqmoq uchun eng tez, yotib olsangiz — yaqin joyga urilgan chaqmoqdan kelayotgan tok uchun eng yaxshi marshrut boʻlasiz.

Shunday ekan, eng toʻgʻri ish bu — pastroq egilib oyoqlarni birga tutish. Nega egilib olish kerakligining sababi aniq. Ammo bu holatda oyoqlar holatiga e’tibor berish zarur. Oyoqlaringiz bir-biriga yaqin boʻlsa, ular tok A dan B ga oʻtishi uchun yaxshi qisqa yoʻl boʻlmay qoladi.

«Agar ular chaqmoq uchun eng qisqa yoʻl boʻlsa ham, yerga tegib turgan yagona narsa oyoqlaringiz boʻlgani tufayli katta ehtimol bilan tok bir oyogʻingizdan koʻtarilib, boshqasidan pastga qarab chiqib ketadi. Yurakka oʻxshagan zarur organlarga tegmaydi.»

Aslida chaqmoqdan omon qolishning haqiqiy eng yaxshi usuli bu — undan iloji boricha qochish va uning yaqinlashayotganini koʻrgan zahoti ichkariga kirish.


Ushbu mavzuga doir video → youtube.com/watch?v=RtkUzDC0h0w

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!