Chiqindilar biz haqimizda nima deydi?
3 min
Yerdan gapiramiz

Quyosh tizimidan tashqariga otlanayotgan har bir “Voyajer” kosmik kemasi ilmiy asbob-uskunalar bilan bir qatorda Yer va insoniyat sivilizatsiyasi haqidagi ma’lumotlar joylangan oltin plastinkani ham olib ketar ekan. Ushbu vaqt kapsulalarida insoniyatning eng yaxshi yutuqlari — til, musiqa, san’at va ilm-fandagi erishgan natijalar jamlangan.

Atrof-muhitning vayron boʻlishi, urush va kabel televideniye esa bu ro‘yxatdan joy olmagan. Shuningdek, chiqindilar ham. Shunga qaramay, har safar biror narsani axlatga tashlaganingizda, siz umumiy vaqt kapsulasiga “hissa” qo‘shasiz. Chunki yer yuzida joylashgan chiqindi poligonlarining ostida qimmatli axborot, yaʼni bizning kimligimiz, qanday yashayotganimiz va aslida nimalarga ahamiyat berishimiz haqida ma’lumotlar saqlanadi.

Arxeologlar axlat uyumlaridan odamlar va ularning madaniyatini o‘rganish uchun foydalanadi. Axlat uyumlari uchun hattoki maxsus, quloqqa yaxshi eshitiladigan nom ham tanlangan — axlat uyumlari.
Rim yaqinidagi bir qazilmada arxeologlar tomonidan zaytun moyini tashishga mo‘ljallangan 25 millionta ko‘za topilgan. Bu esa rimliklarning zaytun moyidan ko‘p foydalanganini anglatadi, ammo ko‘zalarning deyarli hech biri Rimda yasalmagan. Ular Ispaniya va Misrdan olib kelingan. Bundan tashqari, Yangi Zelandiyadagi chig‘anoq qoldiqlaridan maori xalqi qirilib ketgan moa qushlari va tyulenlarni ovlaganini bilishimiz mumkin. Keyinchalik ular baliq, mollyuska va mayda qushlarga o‘tishga majbur boʻlgan. Chunki moalar va tyulenlar haddan tashqari koʻp ovlangani tufayli kamayib ketgan. Yaqinroq tarixga nazar tashlasak, Jorj Vashingtonning uyi yaqinidagi axlatxonadan u taqqan kamar bog‘ichi, foydalangan chinni idishlari hamda shu idishlarda o‘zi va mehmonlari yegan go‘sht qoldiqlari topilgan. «Hatto hozir, ma’lumotlar saqlab qo‘yilayotgan bir paytda ham aslida kim ekanimizni bilish uchun ba’zan chiqindilarni o‘rganishimizga to‘g‘ri keladi.»

1980-yillarda AQShda ko‘payib borayotgan chiqindilarga qarshi katta harakatlar boshlangan. Unda insonlar va ekologiyani qo‘llab-quvvatlovchilar chiqindi poligonlarini to‘ldirib yuborgan bir martalik tagliklar, fast-fud idishlarini chizish orqali o‘z norozilini bildirgan. To‘g‘ri, biz juda ko‘p miqdorda chiqindi chiqaramiz. Ammo tadqiqotchilar o‘sha axlat uyumlarini oʻrganganda tagliklar va fast-fud idishlari yangi poligonlarning 2 foizidan kamrog‘ini tashkil qilishini aniqlagan. Chiqindilarning katta qismi qurilish mollari va qog‘ozdan iborat bo‘lgan. Taxminan shu vaqtning o‘zida AQShning Arizona shtati, Tuson shahrida bir professor odamlardan ularning ovqatlanish tartibi haqida suhbat o‘tkazgan. Keyin esa ularning chiqindi qutilarini ko‘zdan kechirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, odamlarning oʻzi va ularning chiqindilari bir-biridan farqli ma’lumotlarni bergan. Ishtirokchilar sog‘lom oziq-ovqatlar sonini ko‘paytirib aytgani holda, zararli deb hisoblanganini aslidagidan kam qilib ko‘rsatgan. Misol uchun, chiqindi qutisidagi spirtli ichimlik shishalarining soni ular aytganidan ikki baravar ko‘p bo‘lib chiqqan. Shuningdek, ishtirokchilar iste’mol qilgan yog‘lar miqdorini aslidagidan kamroq deb o‘ylagan. Biroq bu holat Ikkinchi jahon urushidan omon qolganlarda kuzatilmagan.
Bu avlod urush davrida qattiq intizom asosida yashagan. Shuning uchun ularda qimmatli va sog‘liq uchun foydali deb hisoblangan sariyog‘ miqdorini oshirib yuborishga moyillik boʻlgan.

Shunday qilib, so‘rovnoma yoki diqqat bilan tayyorlangan vaqt kapsulasi, ehtimol, hayotimizning eng yaxshi qismlariga: odamlarning yodida qolishga yoxud o‘zga sayyoraliklarga bildirishni istagan ma’lumotlarga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Ammo chiqindilar hech qachon aldamaydi.


Ushbu mavzuga doir video → youtu.be/97CDwhGz-gE

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!