Yerning yoshini qanday aniqlaymiz?

Oy — “qari”, hech boʻlmaganda baʼzan bizga shunday koʻrinadi. Chunki uning butun yuzasi tosh boʻlaklari bilan qoplangan va qadimgi asteroid toʻqnashuvlaridan qolgan chandiqlar bilan bejalgan. Biz Yerda ham toshlar eroziyalanishini va meteoritlar yillar davomida sezilarli kovaklarni hosil qilganini bilamiz. Ammo bugungi kunda sayyoramiz anchagina yosh va koʻp tarqalgan kraterlari yoʻqdek koʻrinadi.

Yerning yosh koʻrinish sababi, u tashqi qatlamini doimiy ravishda yangilab borib, o’z yoshini “yashirish”ga harakat qiladi. Yangi toshlar vulqon ogʻzidan sayyoraning yuziga otilib chiqadi, magma okean tubiga chiqarib yuboriladi va sovib, shu tubning bir qismiga aylanadi. Qitʼalar toʻqnashganda toshlar metamorfozlanadi va togʻlar hosil boʻladi. Okean tubi qitʼalar uning ustidan oʻtishi bilan qayta ishlanadi. Toshlarni qayta ishlash jarayoni uni “yosh” qilib koʻrsatibgina qolmay, haqiqatan “yoshartiradi” – hech boʻlmaganda biz uchun. Chunki toshning yoshini aniqlaydigan eng yaxshi moslamamiz undagi radioaktiv elementlarning yemirilish miqdorini oʻlchaydi.

Toshlar erib, qaytadan shakllanganda, bu yemirilish izlari yoʻqolib ketadi. Bu — ajoyib, negaki toshlar shakllanganidan buyon yoshi haqidagi maʼlumotlarni oʻzi bilan olib yuradi. Masalan, biz okean tubi yoyilayotganiga sabab qilib uning toshlari markaziy tizmalarda “eng yosh” boʻlib, quruqlikka yaqinlashavergani sari “qarib” boraverishini aytishimiz mumkin. U yerda esa mazkur toshlar qitʼalarning tagiga choʻkishi orqali qayta ishlanadi.
Ammo Yer toshlarni hadeb qayta ishlayvergani, qayta ishlash esa ularning “ichki soatini” boshiga qaytarib yuborishi tufayli sayyoramizning uzoqdan uzoq tarixiga qarash murakkab.

Yerning olovli yuzasida asrlar oldin hosil boʻlgan qattiq toshlar katta ehtimol bilan allaqachon qayta ishlab boʻlingan. Aynan shu yerda kichik va qayishqoq bir mineral — sirkon yordamga keladi. Sirkon kvarsga oʻxshab ketadi, kimyoviy tuzilishi jihatdan ham, chidamlilik jihatdan ham. Boshqa minerallar yemirilib ketsa ham, bu ikki modda ancha vaqtgacha turaveradi. Ammo sirkonda kvarsda boʻlmagan ikki narsa bor: uning nomini bergan sirkoniy va radioaktiv uranning kichik izlari.

Uran atomlari sirkoniyga yetarlicha oʻxshash boʻlib, baʼzida mineral endi shakllanayotganda uning kristall panjarasiga sirkoniyning oʻrniga kirib olishi mumkin. Ammo sirkoniydan farqli oʻlaroq, beqaror uran atomlari oxir-oqibat radioaktiv yemirilishga uchrab, qoʻrgʻoshinga aylanadi. Bu esa gʻalati, chunki qoʻrgʻoshin sirkoniyga oʻxshamaydi va oʻziga qoʻysa hech qachon sirkon kristaliga kirib qolmagan boʻlardi. Demak, sirkon kristalida qoʻrgʻoshin qancha koʻp boʻlsa, u shuncha “qari” boʻladi.

Yerda topilgan eng qadim minerallardan biri, ehtimol, Yerning biz bilgan eng “qari” qismi Gʻarbiy Avstraliyadagi qumtoshga oʻrnashgan, qoʻrgʻoshinga toʻla sirkon zarrasi boʻlib chiqdi. Qandaydir qilib, bu kristall minglab yil davomida eroziya, vulqon otilishi va asteroid toʻqnashuvlaridan omon chiqqan? Biroq biz u Yerdagi eng birinchi toshda shakllanganmi yoʻqmi bilmaymiz. Agar bunday boʻlmasa, mantiq boʻyicha ilk tosh undan ham “qari” boʻlishi kerak…
Shunday ekan, Yer bizdan yoshini “yashirish”ga harakat qilayotganiga qaramay, sirkon zarralaridagi uran-qoʻrgʻoshin orqali yosh berish sayyoramiz kamida 4,4 milliard yil oldin shakllanganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, Yerning undan ham “qariroq” ekanini koʻrsatuvchi meteorit qoldiqlari ham mavjud. Lekin sirkon bizga bir narsani taʼkidlashimizga imkon beradi: Yer tom maʼnoda undagi qumdan ham “qari”dir.


Ushbu mavzuga doir video → youtube.com/watch?v=KUsDRtsWuSo

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!