Suv tubidagi jonzotlar: ular qanday yashaydi?

Uzoq fazo koinotning chegarasi bo‘lishi mumkin. Biroq biz allaqachon Somon yo‘li markazidagi ulkan qora tuynuk atrofida joylashgan yulduzlarning orbitalari haqida okeanlarning tubida yashovchi yirik kalmar va boshqa mavjudotlarning hayotidan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga egamiz.

«Darhaqiqat, bir kilometrdan ko‘proq chuqurlikdagi suv havzalari sayyoramizning 60 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, biz Yerning eng katta qismini egallagan muhit haqida juda kam ma’lumotga egamiz.» U yerda o‘ziga xos va mazali mavjudotlar doimiy zulmat, past harorat va haddan tashqari yuqori bosim ostida yashashga ko‘nikkan. Bu esa juda kam miqdordagi kislorod, oziq-ovqat va aloqa demakdir. Bu muhitda omon qolish favqulodda moslashishni talab qiladi.

Ming metr chuqurlikdagi bosim Yer yuzasidagi bosimdan 100 baravar ko‘proq bo‘lib, bu kuch futbol to‘pidagi havoni bir yarimta stol tennisi koptogi hajmigacha siqish uchun yetarli deganidir. Boshqalardan farqli o‘laroq, bunday chuqurlikda yashovchi baliqlarda gaz bilan to‘ldirilgan, suzish pufagiga o‘xshagan bo‘shliqlar bo‘lmaydi. Chunki bunday pufaklar yuqori bosimga dosh berolmaydi. Haqiqatan ham suv tubida yashovchi baliqlar ko‘pincha minimal skeletlar va jelega o‘xshash go‘shtga ega. Negaki chuqurlikdagi yuqori bosimga bardosh berishning yagona yo‘li bu — tananing bir qismida suvga ega bo‘lish.

Yaqin vaqtgacha dengiz tubidagi baliqlar bizni qiziqtirmagan. Ammo qirg‘oq bo‘yida ovlanadigan baliqlar kamayganidan so‘ng baliqchilar dengiz sohilidan uzoqlashib boraverdi va u yerda juda ko‘p miqdorda katta hamda mazali baliqlar topildi. Ular suv yuzasiga yaqin bo‘lgan baliqlarni tutib bo‘lgach, to‘rlarini yanada chuqurroqqa tashlay boshladi. Biroq chuqurlikda baliq ovlash butun jarayonni o‘zgartirib yubordi.
Bunday baliqlar suv tubidagi bosimga juda yaxshi moslashgani uchun zamonaviy baliq ovlash tendensiyalariga mutlaqo dosh berolmadi. Chunki sovuq harorat hamda oziq-ovqat tanqisligi chuqurlikda kamroq baliqlar yashashi, sekin o‘sishi va sekin ko‘payishini anglatadi. Misol uchun, chuqur dengiz olabug‘asi bir asrdan ko‘proq umr ko‘rib, asosan okean sathidan 500 dan 1500 metrgacha boʻlgan chuqurlikda yashaydi. Eng yaxshi sharoitda ham ular har yili atigi 6 foizga ko‘paya oladi. Treska, skumbriya va seld kabi sayoz suv baliqlari esa bir xil vaqt ichida butun aholisining yarmini yangilay oladi. Biroq baliqlar bunday natijaga biz ularni ovlamasakkina erisha oladi.

«1980-yillarda chuqur dengiz olabug‘asini ovlash boshlanganda, natija hayratlanarli darajada yaxshi bo‘lgan. Lekin 25 yil ichida ularning soni shunchalik kamaydiki, endi to‘rlarning aksariyati bo‘sh chiqmoqda.»

Bir o‘ylab ko‘ring-a, biz asosan okeanlarda ov qilar ekanmiz, chuqur dengiz olabug‘asi kabi chuqurlikda yashab sekin ko‘payadigan, ammo mazali bo‘lgan jonzotlar uchun ham, turmush tarzi ularga bog‘liq bo‘lgan baliqchilar uchun ham bu jarayon oson kechmaydi. Agar biz baliqlarni ularning koʻpayish tezligida ovlashni oʻrgansak, bu baliqlarga ham, baliqchilarga ham va bizning kelajakdagi oshxonamizga ham foydali bo‘lar edi. Chunki minerallar va qimmatbaho metallarga ehtiyoj sezilsa, biz ularni istalgan payt asteroidlardan olishimiz mumkin. Biroq barchamizga ma’lumki, koinotda baliqlar yo‘q. Demak, o‘zimizda borini himoya qilishimiz darkor.


Ushbu mavzuga doir video → youtube.com/watch?v=uFaKPcAbc-o

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!