Atmosferamiz qochib ketmoqda!

Sayyoramiz bizni iliq saqlaydigan, ob-havo bilan taʼminlaydigan, Yerdagi hayotga imkoniyat yaratadigan juda yupqa gaz qatlami bilan oʻralgan. Ammo bizning sevimli atmosferamiz har bir soniyada tashqi fazoga sizib chiqib ketmoqda. Xayriyatki, bu — juda sekin davom etuvchi jarayon. Chunki har qanday jism xoh u gaz boʻlsin, xoh raketa yoki mushuk — Yerning gravitatsiya zanjirini uzib chiqib ketishi uchun u tovush tezligining 34 barobarida qochishi kerak.

Bitta odamni shu tezlikka chiqarish uchun bir tonna trotil portlovchi moddasining energiyasi kerak boʻladi. Yengilroq jismlar uchun kamroq sarflanadi, masalan, mushuk uchun shuning oʻndan biri.
Kosmosga katta hajmdagi atmosferani chiqarib yuborishi mumkin boʻlgan katta asteroid zarbidan tashqari, bugungi kunda Yer atmosferasidan muntazam ravishda chiqib ketadigan yagona gazlar koinotdagi eng yengil elementlar — vodorod va geliy.

Vodorod va geliy molekulalari kosmosga bir tomonlama “sayohat”ga chiqib ketishining bir nechta yoʻli bor. Atmosferaning eng yuqorisidagilari chiqib ketishi uchun shunchaki Quyoshning issiqligidan yetarli energiya oladi. Boshqalari esa Yerning magnit maydoni tomonidan toʻxtatiladigan tez harakatlanuvchi zaryadli zarrachalardir. Baʼzida bu tezkor elektron yetishmayotgan zarrachalar neytral molekulalarga shunday kuch bilan uriladi-ki, uning bitta elektronini chiqarib, oʻzlashtirib oladi. Endi tezkor zarracha oʻzi neytral boʻlgan holida Yerning magnit maydonidan xoli, biror toʻqnashuv uni yulduzlarga qaratib qoʻysa, u oʻsha yoqqa ketadi. Nihoyat, Yerning magnit maydon chiziqlarining baʼzilari Quyoshdan chiqayotgan shiddatli plazma boʻroni, yaʼni Quyosh shamoli tufayli zaiflashib chetga surilib yuboriladi.

Bunday magnit maydonga tushib qolgan zaryadli zarrachalar xuddi ochiq simdan uchqun chaqnagandek bemalol chiqib ketishi mumkin. Ammo sayyoramiz magnit maydoniga ega boʻlmaganda, ahvolimiz tang boʻlgan boʻlardi. Masalan, Mars sayyorasida himoya magnit maydoni yoʻq. Shuning uchun shundoq ham ozgina atmosferaga Quyosh shamollari zarba beradi va uzib olib ketadi. Hatto himoya qobigʻi bilan ham Yer soniyasiga bir metr enli sharni toʻldirishga yetadigan vodorodni yoʻqotmoqda.

Tashvishga hojat yoʻq, bu yoʻl bilan hamma vodorodimizni yoʻqotishga bir necha milliard yil ketadi. Lekin ehtimol juda uzoq kelajakda kimdir Yerga qarab, biz xuddi Mars haqida gapirganimizdek: “Bu aylanayotgan tosh boʻlagida qachondir hayot boʻlganmikan?” deb soʻrashi mumkin.


Ushbu mavzuga doir video → youtu.be/ulfB4wONULI

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!