20.02.2024
Tropik o‘rmonlar yomg‘irlar bo‘lmaganida bunday nomlanmas edi. Boshqacha qilib aytganda, barcha o‘simliklarning o‘sishi uchun suv kerak, suv bo‘lmasa, ular qurib bitadi. Buni ushbu qadimiy gavaycha maqol — “Hahai no ka ua i ka ulula`au”, yaʼni o‘rmon bor joyda, yomg‘ir yog‘adi deb osongina izohlash mumkin.
Xoʻsh, qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin? Fotosintez jarayonida quruqlikdagi barcha o‘simliklarning bargi teshikchalarini ochib, suvni bug‘latadi. Bu esa ularning poyalari orqali ko‘proq suvning yuqoriga ko‘tarilishiga olib keladi. Tropik o‘rmonlarda tuproq ko‘p miqdordagi yog‘inlar oqibatida namlangani uchun suv deyarli cheksiz. Shu sababli bunday o‘rmonlardagi daraxtlar boshqa o‘simliklarga qaraganda ko‘proq suvni bug‘latish imkoniga ega. O‘rmondan ko‘tarilgan barcha suv bug‘lari namlik bilan to‘yingan bulutlarni oziqlantiradi va konveksiyani keltirib chiqaradi. Bu ta’sirlar birgalikda yomg‘ir hosil bo‘lishini tezlashtiradi, u tuproqqa tushadi va yana yuqoriga harakatlanadi.
Bu 3 jarayon: so‘rilish, bug‘lanish va yomg‘ir — o‘simliklar mavjud bo‘lgan hamma joyda sodir bo‘ladi.
O‘ta nam tuproq, tez o‘sadigan daraxtlar va issiq tropik quyosh bunday o‘rmonlarda aylanma jarayonni shu qadar tezlashtiradiki, boshqa biomlarda bulutlar bir joyda hosil bo‘lib, yomg‘ir boshqa joyda yog‘sa, bu o‘rmonlarda suvning hammasi bir mintaqada qoladi. Agar o‘rmon havoga shunchalik ko‘p suv chiqarmaganda edi, tropik o‘rmonlar yomg‘irli bo‘lmasdi. Shu yomg‘irlar bo‘lmaganda esa o‘rmon havoga bunchalik suv chiqara olmasdi.
Xo‘sh, unda qaysi biri birinchi bo‘lib paydo bo‘lgan, yomg‘irmi yoki tropik o‘rmon? Tropik o‘rmonlar paydo bo‘lishidan oldin, sarv, qarag‘ay va archa kabi daraxtlarning ajdodlari yerda hukmronlik qilgan. Lekin ular suvdan foydalanishda va uni bug‘latishda moʻtadil edi. Shu tufayli havo quruq bo‘lib, yomg‘ir kamroq yog‘gan.
Taxminan 130 million yil oldin yuqori darajadagi fotosintez evaziga ko‘proq suv yo‘qotish xavfini o‘z zimmasiga olgan o‘simliklarning yangi turi paydo bo‘ldi. Bular gullaydigan o‘simliklar edi. Ularning tavakkali o‘z samarasini berdi, yaʼni bunday o‘simliklarning tezroq o‘sishi ularga qadimiy qarag‘aylar bilan raqobatlashish va dunyoning tropik hududlarini egallash imkonini berdi. Urugʻi yopiq yaʼni gullaydigan o‘simliklar havoga shunchalik ko‘p suv bug‘latganki, ular qayerda tarqalsa, o‘zi bilan yomg‘irni ham olib kelgan.
Bugungi kunda tropik o‘rmonlarda qarag‘ay o‘rmonlariga qaraganda ancha ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Ba’zi joylarda ular orasidagi yog‘ingarchilik farqi — yillik bir metrni tashkil etadi. Bu har hafta qo‘shimcha ikki yarim soatlik kuchli yomg‘irga teng deganidir.
Tabiiyki, yog‘gan suvning hammasi o‘rmonni sovutadi, shuning uchun Amazonka yozda Sahara cho‘li yoki AQShning sharqiy Texas hududidagi qarag‘ay o‘rmonlari kabi issiq bo‘lmaydi. «Ammo o‘tmishdagi issiq va quruq tropik iqlim tez orada kelajagimizning bir qismiga aylanishi mumkin.»
Amazonkaning keng hududlarida tropik o‘rmonlarning qishloq xo‘jaligi uchun kesilgan yoki daraxtlardan tozalangan qismlarida noodatiy qurg‘oqchilik allaqachon ro‘y bermoqda. Shuningdek, o‘rmon yong‘inlari ham tez-tez uchramoqda. Olimlar bu o‘zgarishlar kelgusi o‘n yilliklarda yanada issiqroq, quruqroq va yonuvchan tropik iqlimlarga olib keladi, bu qolgan o‘rmon uchun ham, u yerda yashovchi odamlar uchun ham vaziyatni yanada qiyinlashtiradi degan xavotirda.
Shunday ekan, qurg‘oqchilik paytida daraxt eking. «Bunga shubha ham qilmang — Hahai no ka ua i ka ulula`au.»
Ushbu mavzuga doir video → youtube.com/watch?v=y1_Fbh2f_8Q
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.