20.02.2024
Hayvonlar insonning do‘sti. Ayniqsa, itlar. Koʻpchilik it boqishiga asosiy sabab qilib ularning aynan doʻstona munosabatini koʻrsatadi. Koʻrish nuqsoni bor odamlar esa itlarni yordamchi sifatida boqadi. Ularday yoqimtoy jonzot bo‘lmasa kerak-a?!
Shu tufayli biz ularning yoqimsiz xususiyatlari, masalan, hamma narsaning ustida qumli panja izi, uyni ostin-ustun qilishi va soʻlak boʻlishiga chidashga tayyormiz. Lekin soʻlak va hayvonlar qoldiradigan boshqa kirliklar foydali boʻlishi ham mumkin. Ayniqsa, hali tugʻilmagan chaqaloq uchun. It hamda mushuklar uydagi mikroblar biosferasiga shunchalik yaxshi taʼsir qiladiki, ayol homilador boʻlganida it yoki mushuk bilan yashasa, bolaning allergiya bilan ogʻrish ehtimoli 30 foizga pasayadi.
Bu juda gʻalati eshitilishi mumkin. Biz bu nega sodir boʻlishini aniq bilmaymiz ham. Ammo uning eng haqiqatga yaqin izohini “gigiyena gipotezasi” beradi. Amish deb ataluvchi diniy jamoadagi dehqon oilalaridan chiqqan bolalar zamonaviy olamda yashaydigan bolalarga nisbatan allergiya va astmaga kamroq chalinishi allaqachon aniqlangan.
Olimlar buning sababi, ularning immun tizimi turli xil kir, bakteriya, fermentatsiyalangan yem, goʻng va boshqa mikroblarga duch kelishi tufayli toʻliqroq shakllanib ulgurganligi deb oʻylamoqda. Immun tizimining asosiy qismi bu — begona bakteriya, virus, transplantatsiya qilingan tana aʼzolari va hatto zararlangan hujayralarni aniqlab, ularni neytrallashtiruvchi hujayralar hisoblanadi.
Tanadagi sogʻlom hujayralarda immun hujayralaringizga ular “sizniki” ekanini bildiruvchi protein (oqsil)lar mavjud. “Sizniki” boʻlmagan “oqsilli bosqinchi” va nosogʻlom hujayralarni esa ehtiyotkorlik bilan kuzatish uchun yorliqlab qoʻyiladi. Agar birorta begona narsa ortiqcha zarar yetkaza boshlasa, immun hujayralaringiz unga hujum qilib, kelajakda uni shiddat bilan yoʻq qilish kerakligi haqida eslatma olib qoʻyadi. Oddiy qilib aytganda, ular kim beozorgina oʻtib ketyapti-yu, kim xavfli bosqinchi ekanini oʻrganadi. Agar immun tizim kim bosqinchi ekanini notoʻgʻri aniqlasa yoki kim aslida kim ekanini toʻgʻri oʻrganib olmasa, tanamiz zararsiz narsalarga ortiqcha reaksiya bildiradi. Masalan, kichkinagina ari chaqishi tufayli hayotga xavfli allergik reaksiya paydo boʻlishi mumkin.
Gʻarbda immun tizimining notoʻgʻri ishlashi, xususan, allergiya va astmadan aziyat chekadigan bolalar foizi oxirgi qirq yillar ichida ikki barobarga oshdi. Hattoki yuqumli kasalliklar yaxshiroq gigiyena, suv va quvur tizimlari tufayli ancha kamaygan boʻlsa ham. Katta ehtimol bilan allergiya va astmaning koʻpayib borishining sababi bu — qisman biz yashayotgan muhit haddan tashqari toza, immun tizimiga kim aslida kimligini oʻrganishga imkon bermaslik.
Biz yoshligimizda chet tillarini yaxshiroq oʻrganganimiz kabi immun tizimi ham hayotimizning boshida uchragan zararsiz, begona moddalarni zararlilaridan ajratishni oʻrganishi ancha osonroq. Shuning uchun ham bola bachadonda boʻlganida onaning atrofida itning soʻlagi, mushukchalarning soch oʻramlari va kir panja izlarining boʻlishi homilada immun tizimi rivojiga yaxshigina start berib yuboradi.
Ushbu mavzuga doir video → youtube.com/watch?v=mROugcTELFw
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.