Odam nega hushdan ketadi?

Koʻpincha kino yoki spektaklda qahramon noxush xabarni eshitib yoki juda qoʻrqqani tufayli hushdan ketganini koʻrish mumkin. Odatda biz hushdan ketishni ushbu turdagi voqealar bilan bogʻlaymiz. Ammo behushlik koʻplab sabablar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Odamlar tor va havosi yangilanmagan xonada boʻlish, ochlik, charchoq, qattiq ogʻriq, hissiy iztirob va boshqa koʻplab sabablarga koʻra hushdan ketishi mumkin.

Behushlikning bevosita sababi — miyaning qon bilan yetarlicha taʼminlanmaganligi. Hushdan ketish juda tez-tez sodir boʻlganligi tufayli bunday holatlarda nima qilish kerakligini bilish muhimdir. Hushdan ketayotgan odamni yotqizish kerak. Agar buning iloji boʻlmasa, boshi tizzasi darajasiga yetishi uchun uni engashtirish lozim. Bu harakatlar miyaga koʻproq qon kelishini taʼminlash uchun qilinadi.

Agar kimdir hushdan ketsa, uni yotqizib, tarang kiyimlarini boʻshating. Boshini pastga tushiring yoki oyoqlarini koʻtaring. Yana bir bor takrorlaymiz, maqsad miyaga qon oqimini oshirishdir. Kishi hushiga kelganida, unga qahva kabi tetiklantiruvchi biror narsa berish yoki novshadil spirtini hidlatish mumkin.

Ayrimlar boshqa sabablarga koʻra hushdan ketadi. Masalan, boshga tushgan zarba, shok, oftob urishi, qizib ketish yoki zaharlanish oqibatida.

Behushlikning turli xil yordam koʻrsatiladigan ikki turi mavjud. Ulardan biri “qizil behushlik”dir. Bunda yuz qizarib, puls tezlashadi. Bemorning boshi va yelkalarini biroz koʻtarib yotqizish kerak. Boshiga sovuq kompress qoʻyish lozim.

“Oq behushlik” holatida esa yuz oqarib ketadi, teri yopishqoq boʻlib, puls sekinlashadi. Bu holatda bemorning boshini pastroq tushirib, uni isitish uchun biror narsa bilan ustini yopish kerak.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!