20.02.2024
Biz nafaqat jismoniy, balki hissiy ogʻriqlarga ham moyil boʻlamiz. Ayrim holatlar bizni kuchli ruhiy iztirobga solishi mumkin. Baʼzan biz buni juda oddiy qabul qilamiz. Masalan, baqirib yuborishimiz, qizarib ketishimiz yoki terga tushishimiz mumkin. Ammo baʼzida hissiy yuk juda katta yoki bizning unga qarshiligimiz zaif boʻlsa, biz bu yuklamalarga boshqacha munosabatda boʻlishimiz mumkin. Ulardan biri fobiya reaksiyasi deb ataladi.
Bu hissiy yuklama yoki qoʻzgʻalish, tashvishning maʼlum bir narsa yoki vaziyat bilan bogʻliqligini anglatadi. Bunday holatni keltirib chiqaradigan narsadan yiroq boʻlib, u bilan bogʻliq boʻlgan tashvishli holatning oldini olish mumkin. Keng tarqalgan fobiyalardan ayrimlari — yopiq va tor joylar, katta hamda ochiq joylar, koʻp kishilik yigʻinlar, balandlik, qorongʻilik, hayvon yoki mikroblardan qoʻrqish.
Albatta, bunday fobiyaga (masalan, balandlikdan qoʻrqish) ega boʻlgan odam uning qanday paydo boʻlganini tushunmaydi. U biladigan yagona narsa — muayyan vaziyatda qoʻrquvni boshdan kechirish va shuning uchun uni chetlab oʻtish. U hatto qoʻrquvining hech qanday sababi yoʻqligini bilishi ham mumkin. Ushbu fikrni tasvirlash uchun uni bolakay misolida koʻrib chiqaylik: u oʻz oilasini sevadi, lekin baʼzida ularning biridan qoʻrqadi.
Masalan, otasi uni yaxshi koʻrsa ham, undan qoʻrqishi mumkin. Uning uchun otasidan qoʻrqishini bilishi yoqimsiz, shuning uchun ham u gʻayriixtiyoriy ravishda bu tuygʻuni yashiradi. U bu qoʻrquvni baland narsaga koʻchirishi, natijada unda balandlikdan qoʻrqish hissi paydo boʻlishi mumkin. Shuni bilish kerakki, koʻp odamlar bunday qoʻrquvlardan aziyat chekadi, bu tashvishli holatlarni esa tibbiyot yordamida davolash mumkin. Biz shunga oʻxshash kasallikka chalinganlarga nisbatan hamdard boʻlib, ularni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.