20.02.2024
Bahsda gʻolib boʻlishning bitta ishonchli usuli bor. Biror kishiga koʻzi bogʻliq holda yoʻlak boʻylab yurishni taklif qiling. Shubhasiz, siz bilan bahslashgan kishi yutqazadi, chunki harakat boshlanganidan koʻp oʻtmay u aylana boʻylab harakatlana boshlaydi. Tuman yoki qor boʻroni paytida adashib qolgan odamlar koʻpincha toʻgʻri ketayotganiga toʻliq ishonch bilan koʻp soatlab yursa ham biroz vaqt oʻtgach oʻzi ketgan joyga qaytib keladi. Koʻrish yordamisiz toʻgʻri yura olmasligimizning sababi, tanamiz asimmetriyasidir. Bu tanamizning oʻng va chap tarafi oʻrtasida toʻliq muvozanat yoʻqligini anglatadi. Masalan, yurak chapda, jigar esa oʻngda. Skelet ham asimmetrik. Umurtqa mukammal tekis emas. Oyog‘imizning oʻlchami ham bir xil emas. Bularning barchasi tanamizning mushak tizimi ham asimmetrik va muvozanatda emasligini anglatadi.
Oʻng va chap mushaklarimiz har xil boʻlgani bizning yurishimizga va qadam tashlashimizga ham taʼsir qiladi. Koʻzni yumgancha yurishimiz tananing mushaklari va tuzilishiga bogʻliq boʻlgani uchun bir tomonimiz bizni maʼlum bir yoʻnalishda burilishga majbur qiladi. Shunday qilib, biz aylana boʻylab yurishni boshlaymiz. Aytgancha, bu nafaqat oyoq, balki qoʻlga ham taalluqli. Tajribalar oʻtkazilib, unda koʻzi bogʻlangan kishilar mashinani boshqarishga harakat qilgan. Taxminan 20 soniyadan soʻng barcha ishtirokchilar yoʻldan chiqib keta boshlagan. Bu yurish yoki avtomobil boshqarish vaqtida koʻzni ochiq tutish uchun jiddiy sababdir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.