20.02.2024
Dendiz kasali muvozanat va bosh aylanishi tushunchalari bilan bogʻliq. Bizning muvozanatni saqlash aʼzolarimiz suyuqlik bilan oʻralgan qattiq tukchalardan iborat. Istalgan yoʻnalishda harakat qilganimizda, suyuqlik tukchalarni ham harakatga keltiradi. Bu tukchalar miyaga maʼlum bir yoʻnalishda harakat qilayotganimiz haqidagi signalni yuboradi. Oddiy sharoitlarda limfa deb ataladigan bu suyuqlik va tukchalarning harakati tana holati oʻzgarishlariga osongina moslasha oladi va kishi muvozanatni saqlashga muvaffaq boʻladi.
Ammo kemada nima sodir boʻladi? Toʻlqinlar tufayli oyoq ostidagi paluba holati oʻzgarganda, limfa ham yuqoriga va pastga, bir yondan ikkinchisiga chayqaladi. Sezgir tukchalar ham har tomonga tebranadi. Shu sababli miyaga yuboradigan signallar ham oʻzgarib turadi. Miyaga qandaydir “buyruq” kelishi bilanoq, darhol boshqa, avvalgi signalga mutlaqo teskari boʻlgan “buyruq” ortdan ergashadi. Kema holati shunchalik tez oʻzgarib turadiki, miya bir-biriga zid boʻlgan signallarni qabul qila boshlaydi. Natijada asab tizimining bu qismida chalkashliklar hosil boʻladi. Shuning uchun kishida tezda dengiz kasalining barcha alomatlari — bosh aylanishi, bosh ogʻrigʻi, koʻz tinishi va uchqunlar, sovuq ter bosishi, qayt qilish paydo boʻladi.
Afsuski, dengiz kasalini davolashning yagona usuli bu — limfa va muvozanat aʼzolarini tinch holatga keltirish yoki muvozanat aʼzolaridan keladigan signallar bizga taʼsir qila boshlaganda bunday holatlarni toʻxtatish. Dengiz kasaliga qarshi qoʻllanadigan maʼlum barcha vositalar tanaga ikkinchi usulda taʼsir qiladi. Haligacha tukchalar va limfa harakatini “toʻxtash”ga majbur qiladigan bironta vosita maʼlum emas.
Shunday ekan, dengiz kasaliga qarshi vosita quyidagicha taʼsir qiladi: u miyaning signal oʻtadigan qismini falaj qiladi yoki miyadagi qayt qilish markazini falaj qiladi. Shunindek, u ayrim nervlarning sezgirligini ham pasaytirishi mumkin. Dengiz kasaliga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri bu — kemaning eng barqaror qismi — uning markaziga borib, u yerda qolish va iloji boricha kamroq harakat qilish. Shuningdek, kishi qoʻrquvini tizginlashi kerakligini yodda tutish muhim. Chunki qoʻrquv dengiz kasalini kuchaytiradi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.