Intellekt koeffitsiyenti nima?
IQ hisoblash, intellekt koeffitsiyenti haqida ma'lumot
3 min
Bu nima?

Odatda jismoniy va intellektual oʻsish bir-biriga mos keladi. Har ikki yoʻnalishdagi oʻsish insonning individual xususiyatlariga koʻra har xil yoshda toʻxtaydi. Masalan, kimningdir boʻyi oʻn olti yoshida 1,6 metrga yetgach oʻsishdan toʻxtashi mumkin. Ammo oʻsha kishining ukasi oʻn toʻqqiz yoshga kelib, boʻyi 1,8 metr boʻlguncha oʻsishi mumkin. Koʻpchilik odamlarning aqliy rivojlanishi oʻsmirlik davrida toʻxtaydi.

Masalan, 2009-yil 10-oktabrda tugʻilgan barcha bolalar bugungi kunda tekshirilsa, ularning jismoniy rivojlanishi farq qiladi. Baʼzilarining boʻyi oʻrtacha, boshqalariniki baland, ayrimlari esa past boʻyli boʻladi. Ammo ular bir-biridan aqliy rivojlanishi bilan ham farq qiladi. Ulardan baʼzilari aqlli va darslarni oson oʻzlashtirishga qodir boʻladi, boshqalari oʻrtacha qobiliyatga ega, ayrimlarining esa oʻqish uchun katta kuch sarflashiga toʻgʻri keladi.

Aqliy rivojlanishdagi farqni aqliy yoshdagi farq deb hisoblash mumkin. Insonning boʻyini oʻlchashimiz mumkin, aqliy rivojlanishini esa qanday oʻlchaymiz? Shu maqsadda bir qator psixologik sinovlar ishlab chiqilgan. Bu quyidagicha amalga oshiriladi. Birinchidan, turli yoshdagi bolalar qanday muammolarni hal qilishi mumkinligini aniqlash kerak. Olti yoshli bolalar muayyan masalalarni, sakkiz yoshli bolalar esa boshqalarini yechishga qodir va hokazo. Ayrim toʻrt va besh yoshli bolalar ham bu masalalarni yechishni uddalashi mumkin.

Boshqa tomondan, oʻn yoki oʻn ikki yoshida buni eplashga qiynaladigan bolalar ham boʻlishi mumkin. Shunday qilib, bizda aqlni oʻlchash usuli mavjud. Agar olti yoshli bola olti yoshlilar uchun moʻljallangan sinovni bajara olsa, unda u oʻrtacha darajaga ega. Agar bu sinovni toʻrt yoki besh yoshdagi bola uddalasa, demak, uning rivojlanishi aʼlo darajada. Agar oʻn ikki yoshli bola olti yoshli bolalarning sinov topshirigʻini bajara olmasa, u rivojlanishda orqada qolmoqda.

IQ harflari “intellekt koeffitsiyenti” iborasining qisqartmasi boʻlib, bu matematik tilda bunday testlarning natijalarini tavsiflash usulidir. Masalan, aqliy yoshi oltida boʻlgan olti yoshdagi bolaning IQ darajasi 100 ga teng. Aqliy rivojlanish yoshi xronologik yoshga boʻlinadi va natija yuzga koʻpaytiriladi. Agar besh yoshida aqliy rivojlanishi olti yoshga toʻgʻri keladigan boʻlsa, unda IQ darajasi 120 ga teng boʻladi (olti beshga boʻlinadi va 100 ga koʻpaytiriladi). 90 dan 100 gacha boʻlgan IQ darajasi oʻrtacha, 110 dan yuqori boʻlgan natijalar juda yaxshi hisoblanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!