20.02.2024
Hozirgi kunda millionlab odamlar ortiqcha vazn koʻp hollarda sogʻliq uchun zararli ekanini tushungani uchun oʻz vaznini nazorat qiladi. Shuning uchun ular tinimsiz “kaloriyalarni hisoblaydi”. Bu esa ular har xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlarida qancha kaloriya borligini aniqlab, iloji boricha yuqori kaloriyali ovqatlarni kamroq isteʼmol qilishga harakat qilishini anglatadi. Albatta, barcha parhezlarga rioya qilish va “kaloriyalarni hisoblash” shifokor nazorati ostida amalga oshirilishi kerak. Ammo kaloriyalarning vazn va inson salomatligiga nima aloqasi bor?
Keling, kaloriya nima ekanini koʻrib chiqaylik. Agar suv solingan ikkita bir xil idishni gaz plitasi ustiga qoʻyilsa, birinchi boʻlib kamroq suv boʻlgan idishdagi suv qaynab chiqadi. Ikkala qozondagi suv bir xil haroratda qaynasa-da, suvi kamroq boʻlgan idishdagi suvning qaynashi uchun koʻproq suvli qozonga nisbatan kamroq issiqlik talab qilinadi. Bir gramm suvning haroratini Selsiy boʻyicha bir darajaga koʻtarish uchun zarur boʻlgan issiqlik miqdori gramm-kaloriya deb ataladi. Kilokaloriya esa undan ming marta katta boʻlgan issiqlik birligidir.
Bu issiqlik qayerdan paydo boʻladi? Bu biror yoqilgʻining yonishi natijasida paydo boʻladi. Masalan, oshxonada yonuvchan gazdan foydalanamiz. Bizning tanamiz oʻz faoliyati uchun ovqatni “yoqilgʻi” sifatida ishlatib, uni yoqadi. Agar isteʼmol qilayotgan ovqatimizni “yoqilgʻi” sifatida oʻlchashni istasak, buni issiqlik oʻlchovi boʻlgan kaloriyalarda hisoblaymiz. Oziq-ovqatning energetik qiymati odatda kilokaloriya bilan oʻlchanadi. Turli xil ovqatlar har xil miqdordagi kaloriyaga ega. Masalan, bir gramm oqsil tarkibida toʻrt kaloriya bor. Bir gramm yogʻda esa toʻqqiz kaloriya! Inson tanasi uchun kaloriyalarni nimadan olishning farqi yoʻq, muhimi, normal faoliyati uchun yetarli boʻlsa, bas.
Organizmga qancha kaloriya kerak? Voyaga yetgan oʻrtacha kishining kunlik ehtiyoji 2000–3000 kaloriya deb hisoblanadi. Ammo koʻp narsa odam nima bilan shugʻullanishiga ham bogʻliq. Uy bekasi uchun atigi 2500 kaloriya yetarli, zavod ishchisiga 3000–4000, sportchiga esa 4000 va undan ham koʻproq kaloriya talab qilinadi. Agar odam tanasi ehtiyojidan koʻproq kaloriya olsa nima boʻladi? Oziq-ovqat yonmaydi va yogʻga aylanadi. Shuning uchun ham koʻpchilik shifokor nazorati ostida “kaloriyalarni hisoblaydi”.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.