Nega nerv tizimi ikkita?

Insonning nerv tizimi miyadan buyruqlar keladigan simlar tarmogʻiga oʻxshaydi. Shu tarzda tananing har bir qismi bilan aloqa oʻrnatiladi. Miya bu tizimning oʻziga xos markazidir. Nerv tolalari orqali miyadagi buyruqlar tashqariga chiqadi va kulgi paydo boʻladi, ishtaha qoʻzgʻaladi va hokazo. Nervlar miyaga “chopar” sifatida xizmat qiladi. Nerv tizimining maxsus qismlari orqali miya tanada sodir boʻlayotgan barcha narsalar haqida maʼlumot oladi.

Orqa miya bosh miya va butun organizm oʻrtasidagi asosiy aloqa vositasidir. Orqa miya umurtqa pogʻonasida joylashgan boʻlib, u nerv stvollarini telegraf kabeli simlarni biriktirgani kabi birlashtiradi. Har bir stvol ikki juft, old — harakatlantiruvchi va orqa — sezgi nerv ildizlariga ega.

Sezgi ildizlari signallarni teri, mushak, ichki aʼzolardan orqa miyaga va u yerdan miyaga uzatadi. Harakatlantiruvchi ildizlar signallarni orqa miyadan tananing turli qismlariga uzatadi. Sezgi ildizlari sezgilarni (hislarni), harakatlantiruvchi ildizlar esa harakatlarni nazorat qiladi. Kimningdir bizga teginganini biz sezgi nerv ildizlari orqali his qilamiz.

Harakatlanganimizda impulslar miyadan harakatlantiruvchi tolalar orqali uzatiladi. Bu markaziy nerv tizimi deb ataladi. U bizning barcha ongli harakatlarimiz va tashqi taʼsirlarga boʻlgan javob reaksiyalarimiz uchun javobgardir. Markaziy nerv tizimisiz oʻylay olmaymiz, harakatlanolmaymiz va his qilolmaymiz. Ammo maʼlumki, tana ongsiz harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Baʼzi hayot uchun muhim aʼzolar garchi ong bunda ishtirok etmasa ham faoliyat yuritishi kerak. Masalan, ovqat hazm qilish va nafas olish avtomatik, mustaqil ravishda amalga oshiriladi. Yurak urishi ham avtomatik tarzdagi faoliyatdir. Avtomatik ravishda amalga oshiriladigan bu kabi va boshqa koʻplab ongsiz harakatlar boshqa asab tizimi tomonidan tartibga solinadi. U periferik nerv tizimi deb ataladi. U ongni boshqarmaydi. U markaziy nerv tizimidan keladigan impulslarni oʻzi orqali oʻtkazadi. Chalkash tarmoqqa oʻxshash bu tizimsiz bizning hayotimiz toʻxtagan boʻlar edi.

Demak, inson sifatida yashash va hayot kechirishimiz uchun bizga ikkala nerv tizimi ham kerak.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!