20.02.2024
Alkogol tanamizda doim mavjud. Oziq-ovqat bilan tanamizga uglevod, kraxmal, shakar tushadi, ulardan alkogol hosil boʻlib, qonga singadi. Shunday qilib, taxminan 1 gramm alkogol tanamizda doimiy ravishda aylanadi. Ammo qoʻshimcha alkogol qabul qilsak nima roʻy beradi? Alkogol bu — narkotik. Uni nerv hujayralari tomonidan tezda soʻrilib, ularni falaj qiladigan modda deb taʼriflash mumkin. Ammo u dastlab nerv hujayralarini qoʻzgʻab, uygʻonish holatiga olib keladi.
Demak, alkogol dastlab uygʻotuvchi vosita sifatida taʼsir qiladi deb xulosa qilamiz. Alkogolning stimulni uzoq vaqt ushlab turish xususiyati tufayli keyinchalik u narkotik sifatida isteʼmol qilina boshlaydi. Organizmda alkogolning boʻlishi zaruratga aylanadi. Uning taʼsirida meʼda shirasi haddan tashqari koʻp ajralib chiqa boshlaydi va koʻp miqdorda soʻlak hosil boʻladi. Shuning uchun ham koʻplab yevropaliklar tushlikdan oldin xushtaʼm sharob ichishni afzal koʻradi. U ishtahani qoʻzgʻatadi. Tana alkogolning kichik dozasini tezda oʻzlashtiradi, karbonat angidrid va shakar ham tezda soʻriladi.
Masalan, shampan tarkibida shakar ham, karbonat angidrid ham mavjud boʻlib, ular tez soʻriladi va uygʻotuvchi taʼsir koʻrsatadi. Xoʻsh, alkogol miyaga qanday taʼsir qiladi?
Birinchi taʼsir bu — uygʻonish hissi. Harakatlar va nutq jonlanadi. Teri qizaradi, qon bosimi koʻtariladi, yurak urishi va nafas olish tezlashadi. Ammo alkogol tanaga salbiy taʼsir ham koʻrsatadi. Kuzatishlarda maʼlum boʻlishicha, alkogol isteʼmol qilinganda diqqat kamayadi. Miyaning yuqori funksiyalari falaj boʻlib, inson oʻz kayfiyati ustidan boshqaruvni yoʻqotadi.
Yana bir jiddiy taʼsir bu — boʻshashish. Tanamizda tormozlovchi tolalar deb ataladigan koʻplab nerv tolalari mavjud boʻlib, ular asab tizimi uchun tormoz vazifasini bajaradi. Ular taʼlim va tarbiya taʼsirini namoyish etib, odamlarni intizomli va vazmin qilib qoʻyadi. Alkogol taʼsiri ostida esa tormozlovchi nerv tolalari falaj boʻlib qoladi, oʻzini nazorat qilish va sogʻlom fikrlash qobiliyati zaiflashadi. Kishi normal holatda hech qachon qilmaydigan narsalarni aytishga va qilishga tayyor boʻladi. Shunday qilib, alkogol mastlikka olib keladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.