Bo‘g‘imlar qanday harakatlanadi?

Agar boʻgʻimlar boʻlmaganida, hayotimiz ham hozirgidek boʻlmas edi. Biz faqat yotgan holatda boʻlar edik, chunki bosh, oyoq, qoʻl va hatto bironta barmogʻimizni ham qimirlatolmasdik. Tabiiy ravishda harakat qilishga boʻgʻimlar tufayli erishamiz. Boʻgʻimlar suyaklarning harakatlanuvchi birikmalarida joylashgan boʻlib, ularning bir-biriga nisbatan harakatlanishiga imkon beradi. Aynan ular suyaklarning juda oz ishqalanish bilan silliq harakatlanishiga qulaylik yaratadi.

Boʻgʻim bu — suyaklarning birikish joyi. Suyaklarning birikish joyi suyaklar orasidagi ishqalanishni kamaytiradigan togʻay bilan qoplangan. Bundan tashqari, boʻgʻimda tuxum oqiga oʻxshash oqish suyuqlik ham yashiringan. U sinovial suyuqlik deb ataladi va vazifasi mashinadagi yogʻ kabi ishqalanishni kamaytirishdir. Boʻgʻimning harakat qilmagan tinch holatida sinovial suyuqlik oz miqdorda ishlab chiqarilgani tufayli u harakatlana boshlaganida gʻichirlagan tovush chiqaradi.

Odamda eng ahamiyatli 4 turdagi boʻgʻim mavjud. Ulardan biri — sharsimon boʻgʻim. Bu biz uchun katta ahamiyatga ega, yelka boʻgʻimi shu turga oid. Yelka boʻgʻimidan foydalanib, qoʻlimizni harakatga keltiramiz. Tos va son suyaklarini birlashtiradigan boʻgʻim eng katta sharsimon boʻgʻimdir. Ammo bu boʻgʻim juda mahkam boʻlgani uchun harakat amplitudasi cheklangan. 

Boʻgʻimlarning ikkinchi turi — ellipssimon boʻgʻim. Bunday boʻgʻimda tuxumsimon qavariq ellipssimon botiq joyga mos boʻladi. Masalan, bilak boʻgʻimi aynan shu turga oid. U aylana harakatlardan koʻra oval harakatlarni yaxshiroq bajarishga imkon beradi.

Bu boʻgʻimning yana bir turi egarsimon boʻgʻim boʻlib, unda suyaklar faqat ikki yoʻnalishda — oldinga va orqaga hamda bir yondan ikkinchi yonga harakatlanishi mumkin. 

Boʻgʻimning uchinchi turi gʻaltaksimon boʻgʻimdir. Bu boʻgʻimning suyaklari bir yoʻnalishda — oldinga va orqaga harakatlanishi mumkin. U eshik yoki buklama pichoqqa oʻxshaydi. Barmoqlarimiz suyaklari orasidagi boʻgʻimlar gʻaltaksimondir.

Boʻgʻimning oxirgi turi — silindrsimon. Silindrsimon boʻgʻimlar suyaklarning yon tomonga aylanishiga imkon beradi. Bosh suyagimiz tagida joylashgan bu boʻgʻimlar yordamida boshimizni aylantira olamiz. Tirsaklardagi shu turdagi boʻgʻimlar yordamida esa, masalan, kalitni qulf ichida aylantirishimiz mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!