Nikotin nima?
Nikotin tinchlantiradimi? Sigara tutunidan nafas olish uni chekishdan zararliroqmi?
2 min
Bu nima?

Soʻnggi paytlardagi sigaretalar reklamasida ular tarkibida qatron¹ va nikotin² kamligi tobora koʻproq aytilmoqda. Nega odamlarni bu savol shunchalik qiziqtiryapti?

Chekuvchilar chekishdan asosan nikotin tufayli huzur qilishadi. Muayyan miqdordagi chekilgan sigareta asab tizimiga tinchlantiruvchi taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, u charchoq tuygʻusini “soʻndiradi” va hatto maʼlum darajada tasavvurni kuchaytirib, baʼzi odamlarning ish faoliyatini yaxshilaydi.

Tamakining asosiy tarkibiy qismlaridan biri bu — nikotin. Agar u sof shaklda qabul qilinsa, zahar kabi taʼsir qiladi. Ammo turgan gapki, bu chekish paytida sodir boʻlmaydi.

Chekish — bu “quruq haydash”ning bir turi. Bu quruq moddalar bugʻga aylanishini anglatadi. Sigaretaning eng issiq qismi uning yonib turgan uchidir. Hosil boʻlgan issiqlik nikotinning 25 foizini parchalaydi.

Sigaretaning keyingi qismi oʻrtacha haroratda boʻladi. Undan nikotin bilan toʻyingan gazlar ajraladi va nikotinning 30% i havoga aralashadi. Sigaretaning ogʻizga yaqin qismi tamaki tarkibidagi sovuq zarralar oʻtayotgan nikotinni ushlab qoladi. Natijada umumiy miqdorning atigi 15 foizi ogʻizga tushadi. Filtrli sigaretalar uni yanada koʻproq ushlab qoladi.

Choʻgʻlangan uchgacha boʻlgan masofa qanchalik yaqin boʻlsa, tanaga shunchalik koʻp nikotin tushadi. Shuning uchun ham qisqa va qalin sigareta yoki sigaralar³ ingichka hamda uzun sigaretalarga qaraganda kuchliroqdir. Ular qayta yoqilganda birinchi martadagi kabi yonmaydi va nikotinni kamroq ushlab qoladi.

Qonga ogʻizga tushgan nikotinning 15% dan kamrogʻi oʻtadi. Ammo tamaki tutunidan nafas olinsa, tanadagi nikotin miqdori ikki baravar oshadi.

Har qanday holda ham zararli odatlardan biri hisoblangan chekish inson salomatligi uchun zararli hisoblanadi. Ulardan uzoq boʻlib, sogʻlom turmush tarziga amal qiling!


[1] Qatron — qora rangli, qattiq yoki yopishqoq tuzilishga ega modda.
[2] Nikotin — tamaki va boshqa baʼzi oʻsimliklar tarkibida boʻladigan alkaloid, kuchli zahar.
[3] Sigara — chekish uchun naycha shaklida tigʻiz, zich qilib oʻralgan va sirti yelimlangan tamaki barglari.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!