Anesteziya vositalari nima?
Anesteziyaning qanday turlari bor? Anesteziya nima?
2 min
Bu nima?

Har qanday anesteziya¹ vositasining asosiy vazifasi ogʻriqni nazorat qilishdir. Qadim zamonlardan beri odamzod buning yoʻlini topishga harakat qilgan.

Miloddan avvalgi I asrda yozilgan tibbiy kitobda behush qilish vositalari taʼriflangan, ammo shunga oʻxshash dorilar sharqda ancha oldin maʼlum boʻlgan. Buning uchun turli xil oʻt, yogʻ, gazlar va hatto gipnoz² ishlatilgan.

Zamonaviy ogʻriqni qoldirish vositalari qoʻllanishidan oldin har bir operatsiya bemorning azoblanishiga sabab boʻlgan, koʻpincha shok va ogʻriq oqibatida oʻlim bilan yakunlangan. Zamonaviy tibbiyot ogʻriqni toʻxtatish va bemorni tinchlantirish usuli topilgani tufayligina rivojlandi.

Anesteziyaning ikki usuli bor. Birinchisi, bemorni behush holatga keltirish — umumiy anesteziya deb nomlanadi. Ikkinchisi — jarrohlik aralashuvini talab qiladigan hududdan nerv impulslarining oʻtishini toʻsish. Bu usul mahalliy anesteziya deb ataladi.

Koʻpchilik hollarda ogʻriq qoldiruvchi vositalar gazsimon shaklda boʻladi. Ulardan nafas olib odam hushini yoʻqotadi. Bunday gazlarga azot oksidi, xloroform, efir va etilen misol boʻla oladi. Shuningdek, qonga yuboriladigan ogʻriq qoldiruvchi vositalar ham mavjud.

Ulardan asosan bemorni toʻliq behush qilishga hojat boʻlmagan hollarda yoki tezda behush qilib, keyinchalik shu holatda gazsimon vositalar yordamida ushlash uchun foydalaniladi.

Mahalliy anesteziya giyohvand moddani yuborish orqali amalga oshiriladi. U operatsiya qilinadigan hududga yoki sezgir nervlar bloklanadigan joyga, baʼzan esa umurtqa pogʻonasining turli qismlarida joylashgan umurtqa suyuqligiga yuboriladi. Oxirgisi baʼzida tugʻruq paytida ham ishlatiladi.

Tugʻruq paytida yana bir usul qoʻllanadi. Dori umurtqa pogʻonasiga tushmaydigan holda nervlarning umurtqa kanalidan paydo boʻlish joyiga yuboriladi.

Mahalliy anesteziya vositalariga kokain (giyohvand modda) va novokain (ogʻriq qoldiruvchi modda) misol boʻla oladi. Hozirgi kunda bu giyohvand moddalar hatto tish davolashda ham ishlatiladi.


[1] Anesteziya — koʻpincha jarrohlik va boshqa hollarda turli vositalar yordamida amalga oshiriladigan ogʻriqsizlantirish, sezgini yoʻqotish.
[2] Gipnoz — bosh miyaning muayyan qismlaridagi tormozlanish oqibatida inson yoki yuqori umurtqali hayvonlarda roʻy beradigan oʻziga xos uyqu holati.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!