20.02.2024
Qizamiq — butun dunyodagi odamlarda uchraydigan kasallik boʻlib, u hech qanday oʻziga xos xususiyatlarga ega emas. Ammo oddiy qizamiqqa oʻxshamaydigan nemis qizamigʻi mavjud boʻlib, u tanaga boshqacha taʼsir qiladi.
Qizamiq, asosan, bolalar kasalligi, ammo bolalikda unga chalinmagan boʻlsangiz, unda katta yoshda yuqtirib olishingiz ehtimoli bor. Bunga faqat oʻta kuchli mikroskopda koʻrish mumkin boʻlgan, juda kichik virus sabab boʻladi.
Bu virusni yuqtirish juda oson, chunki bemor yoʻtalganda u mayda tomchilar holatida havo orqali tarqaladi. Ammo bu jarayon hali kasal boʻlmagan virus tashuvchisi bilan aloqa qilgandan keyin ham sodir boʻlishi mumkin. Odam qizamiqqa hayotida faqat bir marta chalinadi. Agar u bolalikda qizamiq bilan ogʻrigan boʻlsa, katta boʻlganda bu kasallik unga tahdid qilmaydi.
Infeksiya yuqqandan 10–12 kun oʻtgach, ogʻiz va tomoqda qizil dogʻlar paydo boʻladi. Bemor yoʻtalishni boshlaydi, harorati koʻtariladi, burni oqishni boshlaydi. Yana 1–2 kundan keyin butun tanani qizil toshma qoplashi kuzatiladi. Bu kuchli isitma bilan birga keladi. Koʻz oqlari yalligʻlanib, yorugʻlikka juda sezgir boʻlib qoladi.
Noxush alomatlar, shunday emasmi? Ammo toshma paydo boʻlishi bilanoq harorat darhol pasayadi va bemor oʻzini ancha yaxshi his qilishni boshlaydi. Baʼzi holatlarda aynan shu vaqtda boshqa mikroblar ham quloq va oʻpkaga yuqadi, bu esa jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Odatda, qizamiq epidemiyasi har 2–4 yilda katta shaharlarni qamrab oladi. Natijada, hali bu kasallikka chalinmagan bolalar uni yuqtirib oladi. Agar onasi qachondir bu kasallikni boshidan kechirgan boʻlsa, 5 oygacha boʻlgan chaqaloqlarga ham yuqmaydi. Ushbu virusni yuqtirish, odatda, bahor oylarida roʻy beradi.
Bu kasallik uchun maxsus dori yoʻq. Zardob¹ faqat uning kechishini yengillashtirish uchun ishlatiladi. Kasallangan bolaga kerak boʻlgan asosiy narsa — qorongʻi xonada boʻlish va koʻproq dam olish.
Qoʻrqinchli kasallikni davolash usuli ham gʻalati ekan-a?
[1] Zardob — qon va limfaning ivishidan hosil boʻladigan suyuqlik va undan tayyorlanadigan suyuq dori.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.