20.02.2024
Koʻplab chapaqay bolalarning ota-onalari bundan juda xavotirlanadilar. Ularga buni tuzatishga urinmasliklari kerakligini aytishganda ular yanada koʻproq hayron boʻlishadi. Olimlarning taʼkidlashicha, agar chap qoʻlning ustunligi kuchliroq boʻlsa va odam uni osonlikcha boshqarsa, u holda bunga toʻsqinlik qilmaslik kerak.
Aholining taxminan 4 foizi chapaqaydir. Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, koʻplab daholar chapaqay boʻlishgan, masalan, barcha davrlarning eng buyuk rassomlari — Leonardo da Vinchi va Mikelanjelo.
Albatta, biz koʻproq oʻng qoʻlini ishlatadiganlar jamiyatida yashaymiz va kundalik hayotda foydalaniladigan narsalarning aksariyati aynan shu odamlar uchun moʻljallangan. Eshik tutqichi, qulf, otvyortka, avtomobil, musiqa asboblari va hatto kiyimdagi tugmalar ham. Umuman olganda, bu chapaqaylar uchun ham maʼlum qurilmalarning paydo boʻlishiga olib keladi, lekin koʻpincha ular busiz ham ishlarini yaxshi amallaydilar.
Nega koʻpchilik oʻng qoʻl va faqat oz sonli insonlar chapaqay ekanligini tushuntirib beradigan biron bir izoh yoʻq. Bir nazariyaga koʻra, bizning tanamiz assimetrikdir, yaʼni oʻng yarmi chap tarafni toʻliq takrorlamaydi. Yuzning oʻng tomoni chap tomondan biroz farq qiladi, bir oyoq boshqasidan uzunroq, tovonlar esa oʻlchami bilan bir-biridan farq qiladi. Bunday assimetriya butun tanamizda kuzatiladi.
Miyamizning oʻng va chap yarim sharlari ham turlicha ishlaydi hamda chap taraf oʻng tomondan ustunroq deb hisoblashadi.
Nervlar har bir yarim sharni tananing qarama-qarshi tomoni bilan bogʻlaydi: oʻng yarim sharni chap taraf bilan va aksincha.
Miyaning chap tomoni ustun boʻlganligi sababli tananing oʻng tomoni yanada rivojlangan, yaxshiroq moslashgan. Biz miyaning chap yarimsharidan foydalanib oʻqiymiz, yozamiz, gaplashamiz va ishlaymiz. Bu koʻpchiligimizning oʻng qoʻl ekanligimizni ham tushuntiradi. Chapaqaylarda esa buning aksi, yaʼni miyaning oʻng tomoni chap tarafidan ustunroq, shuning uchun ham bunday odamlar tananing chap tomonini yaxshiroq boshqaradilar.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.