20.02.2024
Koʻpincha biz faqat xafa boʻlganimizdagina yigʻlaymiz, deb oʻylaymiz. Ammo inson aslida hayoti davomida taxminan 250 million marta yigʻlashini bilasizmi?
Keling, yigʻlash jarayoni qanday sodir boʻlishini koʻrib chiqaylik. Bizning koʻz qovoqlarimiz aslida mushaklar yordamida koʻtarilishi va tushishi mumkin boʻlgan teri burmalaridan iborat oʻziga xos pardalar toʻplamidir. Ushbu pardalar shunchalik tez harakat qiladiki, ular bizning koʻrishimizga umuman xalaqit bermaydi. Biz buni hatto payqamaymiz ham. Vaholanki, koʻz qovoqlarimiz taxminan har 6 soniyada ochilib yopiladi.
Har bir koʻzning tashqi burchagida joylashgan maxsus bez, koʻz yoshlarini yuqori koʻz qovogʻiga olib boradigan yoʻllar, koʻzning tashqi tomonidan koʻz yoshlari oqadigan kanallar mavjud. Har kiprik qoqqanimizda koʻzning shox pardasini namlash uchun koʻz yoshi kanallari ochiladi. Ammo mexanik nuqtai nazardan biz yigʻlayotganimizda ham xuddi shunday boʻladi.
Odamlarning koʻz yoshlari bilan kulganini koʻrganmisiz? Buning sababi shundaki, qattiq kulish natijasida mushaklar bezlarni qisadi va koʻz yoshlari oqishni boshlaydi.
Har birimiz hech qanday qaygʻuli his-tuygʻularsiz ham nima bizlarni yigʻlata olishi mumkinligini bilamiz. Bu, albatta, piyoz. Uning tarkibida koʻzlarimizga taʼsir qiladigan oʻzgacha uchuvchi moddalar mavjud. Koʻz yoshlari oʻziga xos himoya funksiyasini bajarib, bu taʼsir qiluvchi moddani yuvib tashlaydi. Xuddi shu narsa chekish paytida ham sodir boʻladi. Biz koʻzlarimizni tozalash va himoya qilish uchun beixtiyor yigʻlaymiz.
Va nihoyat nega biz qaygʻuli his-tuygʻularni boshdan kechirganimizda yigʻlaymiz? Inson his-tuygʻularini ifodalash uchun yigʻlaydigan yagona mavjudotdir. Shunchaki birorta oddiy fikr ham hissiyotga beriluvchan odamni osongina yigʻlatishi mumkin.
Bizning his-tuygʻularimiz soʻzlarda ifodasini topa olmasa yigʻlash jarayoni roʻy beradi. Bu his-tuygʻular chiqish yoʻlini koʻz yoshlarni shakllantirish mexanizmidan qidiradi. Bu bizga bogʻliq boʻlmagan refleks. Buning sababi shundaki, tanamiz biz soʻz bilan ifoda eta olmaydigan yoki xohlamaydigan his-tuygʻularni shu yoʻsinda namoyon qiladi.
Shunday qilib biz xursand boʻlsak ham, xafa boʻlsak ham yigʻlaymiz. Ikkalasi ham boʻlmasa, yigʻi sababchisi faqat piyoz boʻladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.