20.02.2024
Quloq — tanamizdagi eng qiziqarli aʼzolardan biri. U soatning past ovozdagi chiqillashini ham, quloqni qomatga keltiruvchi portlashlarni ham payqashi mumkin.
Biroq bunday ajoyib imkoniyatni bizga faqat quloqning oʻzi bermaydi. “Eshitish” jarayoni tovushdan boshlanadi. Tovush toʻlqinlari deb ataladigan havo tebranishlari qulogʻimizning quloq pardasiga kelib uriladi. Biz bu toʻlqinlarni koʻrish yoki sezish imkoniga ega emasmiz, lekin quloq shunchalik sezgirki, u eng kuchsiz tebranishlarni ham ilgʻab, ularni miyaga uzatadi. Shundan keyingina biz chindan ham ovozni eshitamiz.
Quloq uchta asosiy qismdan iborat: tashqi, oʻrta va ichki quloq. Baʼzi hayvonlar yaxshi eshitish uchun tashqi quloqlarini qimirlatishlari mumkin. Ammo odamlar busiz ham yaxshi eshita oladi.
Ovoz toʻlqinlari tashqi quloqqa urilgach, ular tashqi eshitish kanali boʻylab harakatini davom ettiradi. Uning oxirida koʻndalang tarang tortilgan yupqa teri bor. U tashqi quloqni oʻrta quloqdan ajratib turadi va quloq pardasi deb ataladi. Ichkari tarafda “yevstaxiy naychasi” deb ataladigan va hiqildoqqa olib boradigan qisqa naycha bor. Bu oʻrta quloq boʻshligʻining quloq pardasiga boʻlgan bosimi atmosfera bosimi bilan bir xil boʻlishini taʼminlaydi, aks holda baland ovoz tufayli quloq pardasi yirtilib ketishi mumkin.
Nogʻora pardasining orqasida yaʼni oʻrta quloqda uchta kichkina eshituv suyakchasi mavjud: bolgʻacha, sandon va uzangi. Ular quloq pardasini ichki quloq oval boʻshligʻida tortilgan elastik membrana bilan bogʻlaydi. Tashqi quloqqa yetib kelgan tovush toʻlqinlari quloq kanali boʻylab harakatlanadi va quloq pardasining tebranishini keltirib chiqaradi. Eshitish suyakchalari esa oʻz navbatida, tebranishlarni kuchaytiradi va ichki quloqning oval boʻshligʻiga oʻtkazadi. Bu ichki quloq chanogʻi yoki quloq chigʻanogʻi ham deb ataladigan boʻshliqni toʻldirib turgan suyuqlikning tebranishiga olib keladi. Uning mayda hujayralari tovushni maxsus nervlar bilan sezadi. Ular qabul qilingan signalni miyaga uzatadi, u yerda signal qayta ishlanadi va shundan keyingina biz “eshitamiz”. Ana, xolos, ovozni eshitishimiz uchun shuncha jarayon yuz berar ekan, bizga esa bu oddiy holat boʻlib tuyuladi.
Ichki quloqda eshitishga aloqasi boʻlmagan uchta yarim doira kanal ham mavjud. Ular ham suyuqlik bilan toʻldirilgan boʻlib, muvozanat hissi uchun javobgardir. Agar ularda muammo yuzaga kelsa yoki shikastlangan boʻlsa, biz bosh aylanishini his qilamiz va normal harakat qila olmaymiz.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.