Tishlarning vazifasi nima?

Tishingizni kuniga ikki marta tozalaysizmi? Agar ushbu tozalashni yaxshi bajarayotgan boʻlsangiz, tishlaringiz tushmasligi ajablanarli emas. Ular tosh kabi mahkam va bardoshlidir. Har bir tish ikki qismdan iborat: jagʻlarga mahkamlangan bir yoki bir nechta ildiz va bir qismi ogʻizda koʻrinadigan toj.

Tishlar asosan kalsiy va fosfor kabi mineral tuzlardan iborat. Toj qattiq va yaltiroq emal bilan qoplangan. Ildiz sement — suyakka oʻxshash material bilan qoplangan. Fil suyagiga oʻxshash material — dentin esa tish tanasini hosil qiladi. Tish pulpasi (eti) — tishning toj va ildiz boʻshliqlaridagi narsa. Pulpa ham nerv, arteriya va tomirlar bilan bir xil toʻqimalardan iborat. U tishga ildiz uchidagi teshik orqali kiradi. Ehtimol, koʻzguga qaraganda tishingizning shakli va oʻlchami turlicha ekanini payqagandirsiz.

Tishlarning har biri turli maxsus vazifalarni bajaradigan 4 turi mavjud. Ogʻiz markazida joylashgan kurak tishlar ovqatni tishlaydi va kesib oladi. Kurak tishlarning ikki yonida joylashgan qoziq tishlar ovqatni uzib oladi. Ular uzun, mustahkam ildiz va uchli tojlarga ega. Kichik jagʻ tishlar (premolyarlar) qoziq tishlardan keyin joylashgan boʻlib, ikkita oʻtkir uch va bir yoki ikkita ildizga ega. Premolyarlar ovqatni maydalaydi. Katta jagʻ tishlar (molyarlar) ogʻiz “toʻrida” joylashgan boʻlib, bir nechta uchi va ikki yoki uchta ildizi bor. Molyarlar ovqatni yanchadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!