20.02.2024
Biz isteʼmol qiladigan oziq-ovqat tarkibida organizm uchun foydali boʻlgan koʻplab moddalar mavjud: oqsil, yogʻ, uglevod, suv va minerallar. Ammo bu hammasi emas. Organizm faoliyatini taʼminlash uchun bizga vitaminlar ham kerak. Vitaminlar oʻsimlik va hayvonlar tomonidan ishlab chiqariladigan moddalardir. Oz miqdordagi vitaminlar tanadagi hayotiy jarayonlar normal kechishi uchun zarur. Vitaminlar tanqisligi tufayli turli xil kasalliklar rivojlanishi mumkin. Masalan, A vitamini yetishmasligi bizning koʻrish qobiliyatimizga taʼsir qiladi, B vitamini tanqisligi esa beri-beri kasalligining paydo boʻlishiga sabab boʻladi va hokazo…
Inson vitaminlar haqida uzoq vaqtdan beri biladi. Kishi maʼlum turdagi oziq-ovqatlarni isteʼmol qilmasa, u kasalliklarga moyil boʻlishi aniqlangan. Masalan, uzoq safarda boʻlgan, yangi sabzavot va mevalarni isteʼmol qilish imkoniga ega boʻlmagan dengizchilar singa kasalligiga chalingan. XVII asrda britaniyalik dengizchilar oʻzi bilan safarga limon olib ketgan. Bu kasallikning oldini olishga yordam bergan. Shuning uchun oʻsha paytda ingliz dengizchilarining laqabi “limonchilar” boʻlgan. Askorbin kislotasi deb ham ataladigan C vitamini singadan himoya qiladi. Baʼzi vitaminlar oʻsimlik murtaklari tomonidan ishlab chiqariladi. Masalan, B vitamini bugʻdoy murtaklarida mavjud.
C vitamini oʻsayotgan oʻsimliklarning yangi yashil bargi, ildizi, poyasi, tanasi va kurtaklarida hosil boʻladi. Qizigʻi shundaki, deyarli barcha sutemizuvchilar jigarida C vitamini ishlab chiqariladi va ular hech qachon uning tanqisligidan aziyat chekmaydi. Ammo odam, maymun va dengiz choʻchqalari jigari C vitamini ishlab chiqarmaydi.
C vitamini tanqisligi oqibatida nima sodir boʻladi? Qon tomirlar moʻrt boʻlib, qon keta boshlaydi. Teri va koʻz ostida koʻk dogʻlar paydo boʻladi, tish milki doim qonaydi. Gormon va enzimlarimiz oʻz vazifalarini yaxshi bajara olmaydi, organizmning infeksiyalarga qarshiligi susayadi va natijada halqum yalligʻlanishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.