Nega non hayot tayanchi deb ataladi?
Bizga tanish bo'lgan non har xil turdagi boshoqli g'alla o'simliklaridan tayyorlanadi. Xamirning necha xil turi bo'ladi? Kleykovina nima?
2 min
Tarix

Qayerda boʻlishingizdan va mahalliy urf-odat, til, ovqatlar qanday boʻlishidan qat’iy nazar — istalgan joyda nonning biror turini uchratasiz. Darhaqiqat, millatlar kabi nonning ham koʻplab turi mavjud. Xitoyda non guruch unidan tayyorlanadi. Hindistonda buning uchun tariqdan foydalaniladi. Germaniya va Skandinaviya mamlakatlarida non javdar va arpadan tayyorlanadi.

Non tayyorlash uchun loviya, kartoshka va dukkakli ekinlardan foydalanadigan mamlakatlar mavjud. Ammo bizga tanish boʻlgan non har xil turdagi boshoqli gʻalla oʻsimliklaridan tayyorlanadi. Koʻpchilik uchun non eng muhim oziq-ovqat hisoblanadi. Bu tushunarli, chunki non sogʻliq uchun zarur boʻlgan ozuqa moddalarining koʻp qismiga ega va nisbatan arzon. Agar non boʻlmaganida, sogʻligʻi va quvvatini taʼminlash uchun odamlar tuxum, sut, meva kabi qimmatroq mahsulotlarni koʻproq isteʼmol qilishi kerak boʻlar edi. Non kambagʻal odamlarga quvvat olishga yordam beradi. Shuning uchun ham non hayot tayanchi deb ataladi.

Qadimda odam donni chaynash unga kuch berishini aniqlagan. Miloddan avvalgi 3000-yillarda misrliklar ikki tosh orasida donni yanchib, un olishni oʻrgangan. Ular unga suv aralashtirib, xamir qorib, qoliplarga solib, olovda pishirgan. Xamirning ikki: xamirturushli va xamirturushsiz tayyorlangan turi boʻladi. Xamirturushli non tarkibida karbonat angidrid pufakchalarini chiqaradigan moddalar boʻlib, ular nonning boʻrsildoq boʻlib pishishini taʼminlaydi. Xamirturushsiz non har doim quruq va qattiq boʻladi. Oddiy non xamirturushli achitqidan tayyorlanadi. Ammo pechenye, shirinlik, pirojniy va boshqa qandolat mahsulotlari soda qoʻshilgan quruq yoki achigan sutda qorilgan xamirdan pishiriladi.

Non koʻplab oʻsimliklardan tayyorlanishi mumkin, ammo bugʻdoy noni eng yaxshisi hisoblanadi. Bugʻdoy tarkibida gaz pufakchalarini yaxshiroq ushlab qoladigan kleykovina¹ mavjud. Bu nonni yanada yumshoq va boʻrsildoq qiladi. Aytgancha, “nonni sindirish” iborasi qadimgi yahudiylarga tegishli. Ular nonni yupqa yoyib pishirgan va kesish oʻrniga sindirgan.


[1] Kleykovina — don tarkibida boʻladigan oqsil modda.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!