20.02.2024
Bugungi kunda har kim oʻz vaznini kuzatib boradi. Koʻpchilik parhezga rioya qiladi. Semizlik bu — hech kim istamagan narsa. Garchi maʼlum darajadagi semizlik tana uchun juda zarur. Bu biriktiruvchi toʻqima hujayralarida yogʻ toʻplanishidan vujudga keladi. Dastlab hujayralar ichida kichik tomchilar paydo boʻladi. Ular kattalashib, katta tomchiga aylanib, hujayrani tamomila toʻldiradi va uni pufak kabi shishiradi. Hujayra ingichka qoplama bilan oʻralgan katta yogʻ tomchisiga aylanadi. Bu faqat tananing maʼlum joylarida sodir boʻladi. Quloq, peshona, burun va boʻgʻimlarda odatda yogʻ toʻqimalari boʻlmaydi. Yog‘ ko‘pincha erkaklarnikiga qaraganda ayol tanasida koʻproq toʻplanadi.
Oddiy erkak tanasida taxminan 10 foiz, normal ayol tanasida esa taxminan 25 foiz yogʻ boʻladi. Bu yosh erkakda taxminan 6 kg, ayolda esa taxminan 16 kg yogʻ boʻlishi mumkinligini anglatadi. Tanada yogʻ toʻplanishining asosiy sababi, ozuqa moddalar zaxirasiga ega boʻlish zaruratidir. Bu juda qulay, chunki yogʻ biz biladigan eng yaxshi va eng toʻyingan oziqdir. Tananing odatdagi kundalik ozigʻi juda yaxshi hazm qilinadigan glyukozadir. Yogʻni qayta ishlash jarayoni ancha murakkab. Ammo yogʻ bir xil miqdordagi glyukozaga nisbatan koʻproq issiqlik hosil qiladi. Haqiqatan yogʻ glyukozadan 2 baravar koʻproq energiya chiqaradi. Shuning uchun ham qayta ishlash murakkabligiga qaramay, yogʻni tanada zaxira sifatida toʻplash ancha qulaydir. Agar tanaga kerak boʻlganidan kamroq ozuqa moddalarni isteʼmol qilsak, u holda yogʻ zaxirasidan foydalanish boshlanadi.
Yogʻ bizga himoya materiali sifatida ham zarur. U “suv yostigʻi” vazifasini bajaradi. Elastikligi tufayli yogʻning siqilishi qiyin. Yogʻning dumbada joylashgan bunday “yostiq” tufayli qulay oʻtirishimiz mumkin. Shuningdek, u tovon yonida, kaft terisi ostida, yonoq va koʻz soqqasi ostida boʻladi. Yogʻning tana uchun kerakli uchinchi vazifasi — issiqlik yoʻqotilishidan himoya qiluvchi izolyatsion material hisoblanishi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.