Nega ayollarda soqol o‘smaydi?

Pat qushlarning oʻziga xosligi boʻlgani kabi soch ham sutemizuvchilarni tavsiflaydi. Nega sutemizuvchilarning sochi (yungi) bor? Buning turli sababi bor. Keling, ulardan baʼzilarini koʻrib chiqaylik.

Yungning asosiy ahamiyati tana issiqligini saqlashdir. Tropikda ular qarama-qarshi funksiyani bajarishi mumkin. Baʼzi tropik hayvonlarning yungi ularni quyosh nuridan himoya qiladi. Tananing muayyan joylaridagi juda uzun yung maxsus maqsadlar uchun xizmat qiladi.

Masalan, yol hayvonlarning boʻynini raqib tishlaridan himoya qiladi. Dumlar chivinlarni haydash uchun ishlatilishi, boshdagi kokilcha esa qarama-qarshi jins vakillarini jalb qilishi mumkin. Jayraning yelpigʻichga oʻxshash qattiq ignalari uning dushmanga hujum qilishiga yordam beradi. Soch yoki yungga sezgi aʼzosi sifatida ham qaraladi. Mushuklarning moʻylovida teginishni darhol sezadigan maxsus nervlar mavjud. Koʻrib turganingizdek, turli sutemizuvchilarning yungi turli maqsadlarga xizmat qilishi mumkin.

Inson haqida esa nima deyish mumkin? Ayollarning chiroyli sochi erkaklar uchun juda jozibali ekani maʼlum. Aytaylik, ilgari odamning sochi hozirgi kunga qaraganda muhim ahamiyat kasb etgan boʻlishi mumkin. Bola deyarli sochsiz tugʻiladi. Tez orada unda yumshoq, mayin sochlar paydo boʻladi. Jinsiy voyaga yetgach, badanni qoplagan tuklar oʻzgarib, kattalarniki kabi boʻladi. Badandagi tuk qoplamasining rivojlanishi jinsiy bezlar tomonidan tartibga solinadi. Erkak jinsiy gormonlari tana va yuzdagi tuklarni oʻstiradi. Boshdagi soch sekinroq oʻsadi. Ayol jinsiy gormonlari aksincha taʼsir qiladi. Ular boshdagi sochlarning yaxshi oʻsishiga yordam berib, yuz va tanadagi tuklarning oʻsishiga qarshilik qiladi.

Ayollar tanasidagi turli bez va gormonlar toʻsqinlik qilgani uchun ularning moʻylovi yoki soqoli oʻsmaydi. Nega bunday boʻlishi, erkak gormoni va bezlari soqol oʻsishiga yordam berishini izohlash uchun insonning juda qadimgi tarixiga murojaat qilishimiz kerak. Ilgari soqol uzoqdan erkakni ayoldan osongina ajratish uchun xizmat qilgandir? Ehtimol, soqol erkaklarga hokimiyat va oʻz qadr-qimmatini ato etib, ularni ayollar uchun yanada jozibali qilgandir.

Balki boshqa tirik mavjudotlarda boʻlgani kabi tabiat erkaklarga ham qarama-qarshi jinsni oʻziga jalb qilishga yordam bergandir…

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!