Odam nega qariydi?

Qadimgi Rimda odamlarning oʻrtacha umri atigi 23 yosh boʻlganini bilasizmi? 100 yil oldin esa AQShda bu koʻrsatkich 40 yosh boʻlgan. Aksariyat odamlar uzoq umr koʻrishni istaydi va hech kim qarishni xohlamaydi. Ammo qarish tugʻilishdan boshlanib, umr boʻyi davom etadigan jarayondir. Biz odamlarning qarigani sari ular bilan nima sodir boʻlishini bilamiz. Organizmning barcha funksiya va reaksiyalari sekinlasha boshlaydi. Ayrimlar kuchini yoʻqotadi, sezgilari zaiflashadi. Odatda vazn yoʻqolishi va boʻyning pasayishi kuzatiladi. Shuningdek, qarigan sari koʻrish yomonlashadi, qisman karlik yuzaga keladi, sochlar oqaradi, teri shalvirab qoladi, suyaklar elastikligini yoʻqotadi…

Hamma odamlar bir xil qarimaydi, lekin yosh oʻtishi bilan boshlanadigan baʼzi oʻzgarishlardan hech kim qochib qutula olmaydi. Bu tana toʻqimalari va barcha aʼzolardagi oʻzgarishlardir. Masalan, buyrak, jigar, oshqozon osti bezi va taloq toʻqimalarining hujayralari ishdan chiqa boshlaydi. Bu qon tomirlari qariy boshlagani, ularning elastikligi kamayib, toʻqimalarning oziqlanishi yomonlashgani sababli roʻy beradi.

Xuddi shu tarzda qalqonsimon va boshqa bezlarning faoliyati yomonlashadi. Tananing butun aylanma tizimi yosh oʻtgan sari oʻzgara boshlaydi va faolligi kamayadi. Bu oʻzgarishlar tufayli yashash qiyinlashadi. Koʻz, quloq, suyak, boʻgʻim, qon, teri, soch, tirnoq va tishlar buzila boshlaydi. Qarish jarayonida oshqozon traktidagi meʼda shirasi miqdori kamayadi. Oshqozon va ichak mushaklarining tonusi yoʻqoladi, qon aylanishi buziladi. Shuning uchun ham keksa odamlarga maxsus parhez tavsiya etiladi.

Bunday oʻzgarishlar biologik xususiyatga ega va ularning oldini olish imkonsiz. Shunchaki eski toʻqima va aʼzolar oʻz ishini bajara olmaydi. Ammo bunda bir xillik yoʻq. Oltmish yoshli odamning baʼzi toʻqima va aʼzolari sakson yoshli odamniki kabi yomon yoki qirq, oʻttiz, hatto yigirma yoshdagi odamniki kabi yaxshi holatda boʻlishi ham mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!